AQSh: O'zbekistondan baza so'raganimiz yo'q


AQShda prezident Barak Obama Afg’onistonga nisbatan yangi strategiyani tanishtirayotgan paytda Moskvada Markaziy Osiyo yetakchilari Xitoy va Rossiya rahbarlari bilan muzokaraga to’plandi.

Eron va Amerika diplomatlari so'zga chiqqan sammitda Vashington qo’shni davlatdagi harakatlarda mintaqa hukumatlari bilan maslahatlashishi kerak degan chaqiriqlar yangaradi.

Obama rejani e'lon qilganida Markaziy Osiyo davlatlariga alohida to'xtalmadi.

Ammo hujjatda qayd etilishicha mintaqa Afg’onistonga ko’p jihatdan yordam bera oladi:

Xususan qoradoriga qarshi kurash, mamlakat infrastrukturasini tiklash, maorif, sog’liqni saqlash, iqtisod, yengil va og’ir sanoat, qolaversa xalqaro koalitsiyani quvvatlash.

"Afg’oniston bobida shu kungacha berilgan va berilayotgan yordamdan juda minnatdormiz",- deydi AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha bosh diplomati Richard Boucher.

“Mintaqa rahbarlari Afg’onistondagi vaziyatdan xavotirda ekanini, u yerda tinchlikni ta’minlash hammaning manfaati uchun xizmat qilishini yaxshi biladi”,- deydi rasmiy.

AQSh havo kuchlari yoz oxirigacha, Qirg’iziston talabiga ko’ra, Bishkek yaqinidagi Manas havo bazasini bo’shatishi kerak. Aerodrom 2001 yildan beri Afg’onistonda xalqaro koalitsiya talablarini qondirib kelayotgan edi.

Qirg’iziston Amerika qo’shinlarini chiqarib yuborish qarorida qat’iy va bu Vashingtonga ayon, deydi Richard Boucher.

“Biz Qirg’iziston hukumatidan bu borada nota olganmiz. Manasdan chiqish harakatidamiz”,- deydi AQSh bosh diplomati.

Richard Boucher “Amerika Manasda qolish yo’llarini qidirmoqda” degan sharhlarni rad etadi. Qirg’iziston boshqa sohalarda ham yordam berishi mumkin, hamma narsa faqat Manasga bog’lanib qolgan emas, deydi diplomat.

2001-2005 yillar orasida O’zbekistonning Xonobod bazasidan foydalangan AQSh, ayrim manbalarga ko’ra, respublikaga qo’shinlarni yana joylashtirishni istagan bo’lardi.

Lekin Vashington rasmiylari bu ma’lumotlarni inkor etadi. Obama ma'muriyati ehtimoliy hollar haqida mulohaza yuritmoqchi emas.

O’zbekistondan aynan qanday yordam kutilmoqda?

Respublika qanday ko’makni ma’qul ko’rsa, shuni, deya javob qiladi Richard Boucher.

“Biz O’zbekistonda qayta baza ochish haqida gaplashayotganimiz yo’q va buni so’ramaganmiz”,- deydi AQShning mintaqa bo’yicha bosh rasmiysi.

Respublika noharbiy sohalarda ham beqiyos yordam bera oladi. AQSh O’zbekiston xalqi va hukumatidan umidvor, deydi Richard Boucher.

Amerika harbiylari Termizda Germaniyaga qarashli bazadan vaqti-vaqti bilan, cheklangan ravishda foydalanib kelayotgani ma'lum.

Pentagon muqobil tranzit yo’llari ustida o’ylanar ekan, Rossiya Afg’onistonga noharbiy yukni uning hududi orqali tashilishiga qarshi emas va bu borada Oq Uyga qayta-qayta eslatmoqda.

Afg’onistonga nisbatan yangi strategiyada diplomatiyaga katta o’rin beriladi.

Notinch o’lka atrofidagi har bir davlat bilan yaqindan hamkorlik qilish, terrorizmga qarshi kurashda qo’shni jamiyatlar bilan maslahatlashib ish tutamiz, deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Jorj Bush davrida AQSh-Markaziy Osiyo aloqalari ortida turgan Evan Feygenbaum, mintaqada ko’plab muzokaralar olib borgan sobiq rasmiy, fikricha manfaatlar haqida gapirish hammaning qo’lidan keladi, lekin bugungi xatarli zamon amaliy choralar talab qilmoqda.

“Yordam beramiz, biz bilan hisoblashing deyayotgan tomonlar nimaga qodir ekanini ko’rsatsin”, - deydi Evan Feygenbaum.

Amerikada aksariyat siyosatdonlar Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga kuchli guruh deb qaramaydi.

Terrorga qarshi kurash bu tashkilotning asosiy vazifalaridan biri deb ta’kidlansa-da, deydi Feygenbaum, "hayotda hali bu hamkorlik qanday aks etganiga guvoh bo’lganimiz yo’q".

“AQSh bugungi kunda Markaziy Osiyodagi har bir davlat bilan o’ziga yarasha harbiy yoki noharbiy hamkorlikka ega",- deydi sobiq diplomat.

"Shanxay Hamkorlik Tashkilotida Afg’oniston masalasi tez tez ko’tarilsa-da, bu ittifoq u yerdagi vaziyatga nisbatan yagona bir qarashga ega emas".

Shu bois, deya mulohaza yuritadi Evan Feygenbaum, Vashington har bir davlat bilan muloqotni davom ettiradi va kim nima taklif qilayotganiga qarab ish tutadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG