Yevropa Obamani tanqid bilan qarshi olishi mumkin


AQSh va Britaniya global moliyaviy krizisga qarshi kuchli chora ko’rishga chaqirmoqda.

Masala shu hafta Londonda, 20 davlat rahbarlari sammitida ko’tariladi. Anjumanga otlanagan Barak Obama sammit ijobiy natija berishiga ishonadi. Sammitda AQSh rahbari tanqid bilan yuzlashishi kutilmoqda.

Tashrif chog’ida asosan, global iqtisodiy tanazzul va Afg’oniston mavzulari muhokama qilinadi. Gap shundaki, dunyo davlatlari muammoni hal qilish zarur. Biroq tomonlar yechim masalasida kelisha olmayapti.

Bu Obamaning AQSh prezidenti lavozimida xorijga qilayotgan birinchi safari.

Londonda Obama jahonning yetakchi va rivojlanayotgan 20 davlati rahbarlari bilan bir davrada suhbat qiladi.

Ba’zi davlatlar moliyaviy tanglikda Qo’shma Shtatlarni ayblab keladi. Obama krizisni yengish uchun ko’proq mablag’ sarflashni taklif qilmoqda. Iqtisodiyoti zaifroq mamlakatlar bu tashabbusga qarshi.

London sammitida Obama ilk bor Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Hindiston yetakchilari bilan yuzma-yuz gaplashadi.

Anjuman tugab, prezident NATO-Shimoliy Atlantika harbiy blokining 60 yillik tantanalarida qatnashadi. Alyans a’zolari oldida Afg’oniston va Pokiston bo’yicha siyosat xususida so’zlaydi.

Prezident Obama NATO davlatlarini Afg’onistonga ko’proq askar jo’natishga chaqirib keladi. Yevropa davlatlari Obamaga xayrixoh, ammo bu taklifga ro’y-xush bermayapti.

Amerika Mudofaa vaziri Robert Geyts alyans a’zolari qo’shimcha askar jo’natadi, degan umidda. Avgust oyida prezident saylovlari rejalangan Afg’oniston uchun bu g’oyat muhim, deydi u.

Geyts deydiki, Afg’oniston nafaqat harbiy, balki qishloq xo’jaligi, moliya va boshqaruv sohasida ham xorij yordami, tajribasiga muhtoj.

Prezident Barak Obama joriy hafta Chexiyada ham bo’lib, yadro quroli tarqalishining oldini olish, Yevropa-AQSh aloqalarini mustahkamlash xususida to’xtaladi. Hafta oxirida esa Obama Turkiyaga borishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG