Obama strategiyasi har xil qarshi olinmoqda


Prezident Barak Obama fikricha, AQSh va NATO diqqatni afg’on-Pokiston chegarasida o’rnashib olgan Al-Qoida va boshqa ekstremistik guruhlarni yakson qilishga qaratishi lozim. Obama shu tariqa harbiylar oldiga aniq maqsadlar qo’ymoqda.

Sobiq prezident Jorj Bush, Iroq va Afg’onistonni musulmon dunyosiga namuna bo’la oladigan, “demokratik davlatlarga aylantiramiz” deya bong urgan edi. Obamaning maqsadi oddiy: Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash va Amerika xalqini terror hujumlaridan himoya qilish.

Yangi reja harbiylar va yaqin ittifoqchilar bilan olib borilgan uzoq muhokama, tekshiruv va tahlil mahsuli. Bir necha yo’nalishni o’z ichiga oladi: afg’on armiyasi va politsiyasi safini kengaytirib malakasini oshirish, Afg’oniston va Pokistonga moliyaviy yordam ajratib bu o’lkalarda qashshoqlikni kamaytirish hamda terrorchi guruhlar ildiziga bolta urish.

Strategiyani tuzishda ishtirok etgan rasmiylardan biri, AQSh mudofaa vaziri muovini Mishel Flornoy missiya ko’lami avvalgiga qaraganda tor degan da’volarni rad etadi.

“AQSh Afg’onistondagi maqsad-manfaatlarga qayta baho berib, oldinga siljish uchun nima qilmoq lozim degan savolni o’rtaga tashlamoqda. Ko’r-ko’rona, bemulohaza qabul qilingan qarorlardan voz kechib, vazifalarni aniqroq belgilab olyapmiz.”

Ya’ni, deydi vazir muovini, diqqat Iroqdan Afg’onistonga, bu mamlakat xavfsizlik kuchlarini o’zini-o’zi himoya qilish uchun tayyorlashga qaratilmoqda. Strategiya Bush davridan yana qaysi jihati bilan farq qiladi?

“AQSh bundan buyon afg’on-Pokiston chegarasining har ikki tomonini yaxlit bir front deb ko’radi”, - deydi admiral Mayk Mullen.

Siyosatshunos Endryu Basevich nazarida Obamaning yondashuvi ancha pragmatik, lekin Bushnikidan tubdan farq qilmaydi.

“Bosh maqsad, Obama aytganidek, Afg’onistonni Al-Qoida kabi guruhlardan tozalash bo’lsa, bunga kamroq resurslar bilan erishish mumkin. Mamlakatga shuncha harbiy va sarmoya kiritishga hojat yo’q”, - deydi Basevich.

Obama rejani taqdim etayotib Afg’onistonda boshqaruvni mustahkamlash, saylov va inson huquqlari haqida gapirdi, lekin “demokratiya” so’zini tilga olmadi. Afg’onistonga qobil va mas’uliyatli hukumat kerak, deydi prezident.

Bugun bir haqiqat barchaga ayon - terrorizm va ekstremizmni harbiy qudrat bilan yengib bo’lmaydi. Prezident Hamid Karzay tinchlik yo’lida Tolibonning mo’tadil, Al-Qoidaga qo’shilmagan a’zolari bilan muloqot qilish haqida gapirib keladi. Obama strategiyasiga ham bu taklif kiritilgan.

AQSh Maxfiy xizmati rahbari Denis Bleyer firkicha Tolibon singari guruhlar ildiziga bolta urush uchun aholining fundamental ehtiyojlarini qondirish, ta’lim sifatini oshirish, korrupsiyani yengish, yoshlar uchun imkoniyat maydonini kengaytirish, qolaversa xalqni suv va elektr toki bilan ta’minlash kerak.

Amerika bu yil Afg’onistonga 17 ming qo’shimcha askar va 4 ming harbiy instruktor safarbar etmoqda. Qarorlar vaziyatga qarab o’zgarib boradi, deydi Obama. Afg’onistondagi missiya g’ayrat va qat’iyat talab etadi. Xalqaro koalitsiya oldida sermashaqqat vazifalar turibdi.

XS
SM
MD
LG