Breaking News

Obama iqtisodiy inqirozni bartaraf etishda hamkorlikka chaqirmoqda


AQSh prezidenti Barak Obama sanoatlashgan davlatlar sammitida ishtirok etish uchun kecha Londonga tashrif buyurgan. Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun bilan uchrashuvi chog'ida xalqaro hamjamiyatni global moliyaviy inqirozni yechishda birdamlikka chaqirgan.

"Katta Yigirmalik sammiti davomida bu borada umumiy tamoyillarni ishlab chiqishga muvaffaq bo'lamiz degan umiddaman," deydi Obama.

Ba'zi mamlakatlar iqtisodiy krizisda AQSh va uning nazoratsiz qolgan moliyaviy tizimini ayblamoqda. Biz qator xatolarga yo'l qo'ydik, ammo boshqa davlatlar ham moliyaviy strukturasini zamon talablariga moslashtira olmadi, deydi Obama.

Unga ko'ra, aybdorni qidirish emas, muammoni hal etish bilan shug'ullanish lozim.

AQSh hukumati mamlakat iqtisodiyotini moliya institutlariga milliardlab dollar pul sarmoya qilish bilan o'nglamoqchi va Yevropani ham shunga da'vat etyapti. Ammo Fransiya va Germaniya nazarida urg'uni moliya tizimini nazorat etishga berish kerak. Xabarlarga ko'ra, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi sammitda moliya tizimini nazorat etuvchi mexanizm qabul qilinmasa, anjumanni tark etishini aytgan.

Prezident Obamaga ko'ra, ittifoqchilar o'rtasidagi qarama-qarshiliklar haqidagi xabarlar bo'rttirilgan.

Obama Londonda shuningdek Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan ham uchrashib, strategik qurollarni qisqartirishga qaratilgan muzokaralarni yangilashga kelishib olgan. START bitimining muddati dekabrda tugaydi. Bu va boshqa masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun Obama iyulda Rossiyaga borishi kutilmoqda.

Obama Xitoy prezidenti Xu Tsintao bilan ham uchrashgan. Uning taklifiga ko'ra, Obama yilning ikkinchi yarmida Xitoyga safar qiladi.

Sammit doirasida AQSh prezidenti boshqa davlatlar rahbarlari bilan Afg'oniston, Pokiston, Eron va Yaqin Sharq masalasini ham muhokama etadi.

XS
SM
MD
LG