Breaking News

Amerika Markaziy Osiyo basketbolchilarini quvvatlamoqda


Sport chegara tanlamaydi. Amerika Markaziy Osiyoda basketbolni tanitib, unga qiziqqan yoshlarga yaqindan yordam berish umidida.

Bu mamlakatning dunyoga mashhur o'yinchilari bugun mintaqaga safar qilib, yosh ishqibozlarga bu sport sirlarini o'rgatmoqda, ularni qo'llab-quvvatlamoqda.

Yaqinda Qirg'izistondan yosh basketbolchilar Qo'shma Shtatlar bo'ylab sayohat qilib, yirik klublarda o'ynadi.

Amerikaning yangi rahbari basketbol ishqibozi. Nafaqat ishqiboz, mohir o'yinchi ham. Maykl Jordan (Michael Jordan) yoki Sem Perkins (Sam Perkins) kabi usta basketbolchilar bilan bellasha olmasligi mumkin, ammo Barak Obamaning o'ziga ishonchi baland. Oq Uy hovlisida xodimlari bilan to'p almashib turadi.

AQSh Basketbol Assotsiatsiyasi (NBA) prezidentning sevimli mashg'ulotini Markaziy Osiyo yoshlari orasida yoyib, shu orqali xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish mumkin degan fikrda.

Tashqi aloqalarga javobgar Davlat departamenti sobiq jahon chempionlari Sem Perkins va Bekki Bonnerlarni Qozog'iston va Qirg'izistonga yo'llab, maxsus mashg'ulotlar tashkil qilgan.

NBA O'zbekiston va Tojikiston basketbolchilari bilan hamkorlik qilishni ham xohlardi, deydi Sam Perkins.

"NBA hamisha yoshlarni o'ziga ergashtirib, o'smirlarni basketbolga qiziqtirib, iste'dodli o'yinchilarni rag'batlantirib keladi. Sport yosh avlodni tirishqoq va sog'lom bo'lishga, o'zi ustida ishlashga o'rgatadi. Eng muhimi sport yoshlarning o'ziga nisbatan ishonchini oshiradi.

Ishsizlik, imkoniyatsizlikdan qiynalgan yoshlar foydali ish bilan mashg'ul bo'lsin desak, ularni basketboldek o'yinlarga jalb qilish kerak",- deydi Sem Perkins.

AQSh Markaziy Osiyodagi basketbol klublari, murabbiylar va o'yinchilarga ham yaqindan yordam bermoqchi.

Sovet Ittifoqi davrida mohir o'yinchi hisoblangan Aleksey Sergiyenko hozir Qirg'iziston basketboli ortida turgan insonlardan biri.

Basketbol shtati Indianadan turib, "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, trener "Quvonchim ichimga sig'mayapti, shogirdlarim chuqur hayajonda", - deydi.

"Basketbol hozirda yoshlarimizning eng yaxshi ko'radigan sport turlaridan biri. Davlatdan va xususiy manbalardan tushayotgan arzimagan mablag'ga bo'lsa-da, klub va markazlarimizni taraqqiy ettirishga, talantli yoshlarimizni quvvatlashga harakat qilayapmiz",- deydi Aleksey Sergiyenko.

Murabbiy Sergiyenko va guruh rahbari Baxtiyor Qodirov o'zining yetti yosh o'yinchisi bilan AQSh poytaxtida "Washington Wizards" komandasi huzurida mehmon bo'ldi.

Keyin esa Indianapolisga borib, "Indiana Pacers" treneri Sem Perkinsdan dars oldi. 15-21 yosh oralig'idagi bu yoshlarga AQSh Oliygohlari Atletika Uyushmasi ham homiylik qilmoqda.

Baxtiyor Qodirov fikricha Qirg'izistonda milliy basketbol komandasi moliyaviy jihatdan u qadar yaxshi ta'minlanmagan, ammo maktab va universitetlarda bu sport kun sayin ommaviylashmoqda.

"Yosh o'yinchilarimiz bugun nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Osiyodagi komandalar bilan bellasha oladi",- deydi Baxtiyor Qodirov.

"Rossiyada 50 davlatning yosh basketbolchilari o'tgan yili maydonga tushganida biz uchinchi o'rinni egalladik",- deya faxrlanadi qirg'izistonlik trener.

Baxtiyor Qodirov o'tgan yili havo halokatida tirik qolgan. 2008 yilning 24 avgustida Bishkekda "Boeing" samolyoti qulagan va unda Eronga ketayotgan basketbolchilardan 10 nafari halok bo'lgan. Qodirov shogirdlaridan bir nechasini olov ichidan olib chiqisga muvaffaq bo'lgan.

Sport taraqqiyoti, yuqorida tilga olinganidek, katta mablag' va e'tibor talab qiladi.

"Amerika basketboli va uning ko'zga ko'ringan yulduzlari bizning yoshlarga diqqat qaratib, ularni taniy boshlagani katta yutuq",- deydi murabbiylar.

NBAning Markaziy Osiyodagi ishlari va Amerika hukumati sport bobida qanday almashinuv dasturlarga ega ekani haqida AQSh elchixonasidan yoki Internet orqali Davlat departamentining Ta'lim va Madaniy Aloqalar Byurosidan batafsil ma'lumotlar olish mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG