Katta Yigirmalik umumiy dasturga kelishib oldi


Bugun Londonda jahon iqtisodiyotining 80 foizini ishlab chiqaruvchi 20 davlat rahbarlari global moliyaviy tanazzuldan chiqish yo'llarini muhokama etgan. Britaniya bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, ishtirokchilar inqirozdan chiqish, ish o'rinlarini yaratish, moliya bozorini nazorat qilishga qaratilgan umumiy dasturga kelishib olgan.

Rahbarlar kechagi kunni o'zaro uchrashuvlarga bag'ishladi. Barak Obama uchun sammit davlat rahbarlari bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyat. U va rafiqasi Mishel Obama qirolicha Yelizaveta va Bosh vazir Gordon Braun mehmoni bo'lishdi. Xitoy va Rossiya prezidentlari bilan uchrashdi.

Bugun esa sammit ishtirokchilari inqirozdan chiqish yo'llarini ko'rib chiqib, umumiy qarorga kelishi kerak. Muammoning jiddiyligini hamma birday anglamoqda, ammo uni hal etish borasida hozircha yakdillik yo'q.

AQSh prezidentining aytishicha, tarixda "birlashgan o'zar, birlashmagan to'zar" naqli bir necha bor isbotini topgan.

"Amerika tarixidagi Buyuk tushkunlik ham shu sabab kuchaygan. Xatolarni ortiq takrorlamaslik kerak," deydi Obama.

Londonlik iqtisodchi Janluka Beninyo ham hamkorlik - muammoga yechim topishning eng yaxshi yo'li deb hisoblaydi.

"Rahbarlarning bir yoqadan bosh chiqarib ish tutishini ko'rsatish ham jamoatchilik, ham moliya bozorlari uchun muhim. Yakuniy bayonotda ham shu narsaga urg'u berish kerak," deydi iqtisodochi.

Shunga qaramay davlatlar o'rtasida tafovutlar yo'q emas. AQSh va Britaniya iqtisodiyotga sarmoya kiritish kerak desa, Yevropa davlatlari bu qarzni oshiradi, aksincha moliyaviy tizim nazoratini kuchaytirish lozim deydi.

Iqtisodchi Janluka Beninyoning aytishicha, davlatlar Xalqaro Valyuta Jamg'armasi kabi moliyaviy tashkilotlarga yordamini oshirishi zarur.

Sammit ishtirokchilari krizis bir kunda paydo bo'lmaganidek, uni bartaraf etish ham vaqt oladi demoqda.

Britaniyaliklar sammitdan foyda yo'q deb hisoblaydi. London ko'chalarida minglab namoyishchilar politsiya bilan to'qnashgan. Ularning ba'zilari urushga, boshqalari qashshoqlikka qarshi bo'lsa, yana bir qismi atrof-muhit muhofazasini targ'ib qilib chiqqan. Ko'pchilik ish o'rinlarini yaratish va uy-joy muammosini hal etishni talab qilmoqda.

Xabarlarga ko'ra, sammit ishtirokchilari xalqaro iqtisodiyotni tuzatish uchun bir trillion dollar ajratishga kelishib olgan. Uning katta qismi Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga beriladi, jamg'arma esa turli dasturlar orqali inqirozdan katta zarar ko'rgan mamlakatlarga yordam qiladi. Katta Yigirmalik shuningdek soliqlarni yashirishga imkon beruvchi banklar joylashgan davlatlarga nisbatan chora ko'rishga ham rozi bo'lgan.

Katta Yigirmalikka quyidagi davlatlar kiradi: Argentina, Avstraliya, Braziliya, Kanada, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Yaponiya, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Turkiya, Britaniya, AQSh va Yevropa Ittifoqi.

XS
SM
MD
LG