Breaking News

Qirg'izistonda muxolifat prezident saylovlariga tayyorgarlik ko'rmoqda


Qirg'izistondagi muxolif Ota-Makon partiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayev 23 iyulga belgilangan prezident saylovlaridan o'z nomzodini olib tashlagan. Partiya bayonotiga ko'ra, Tekebayev saylovlarda muxolifatdan yagona nomzodga imkon berish maqsadida shunday qarorga kelgan. Bir necha kun burun Or-Nomus partiyasi rahbari, sobiq vitse-prezident Feliks Kulov ham poygadan chiqqan edi.

O'tgan hafta besh muxolif partiyadan tuzilgan Birlashgan xalq harakati Qirg'iziston bo'ylab norozilik namoyishi uyushtirib, uning a'zolariga hukumat va saylov komissiyasidan joy berishni va 23 iyulga belgilangan saylovlarni prezident Qurmanbek Bakiyevsiz o'tkazishni talab qilgan. Talab qondirilmasa, birlashgan muxolifat 20 apreldan so'ng cheksiz namoyishlar o'tkazishini aytmoqda. "Bu - saylovlarga tayyorgarlikning birinchi bosqichi," deydi parlamentning sotsial-demokrat a'zosi Roza Otunbayeva.

"Kuchlar nisbati teng emas. Hukumat qo'lida barcha resurslar jamlangan. Biz ularning teng taqsim etilishini, muxolifat a'zolariga nisbatan bosim va tazyiqlarning to'xtatilishini, siyosiy faollarning qamoqdan ozod etilishini talab qilamiz," deydi sobiq vazira.

Roza Otunbayeva 2005 yilgi lolaqizg'aldoq inqilobi boshida turgan. Bakiyevning hokimiyat tepasiga kelishida katta rol o'ynagan. Yangi hokimiyatda o'zining eski lavozimiga - tashqi ishlar vaziri etib tayinlangach, bir necha oy ishlab, muxolifatga o'tib ketgan. Uning aytishicha, Bakiyev ham Askar Akayev kabi demokratiyani bo'g'a boshlagan, hukumat korrupsiyaga botgan.

Otunbayevaga ko'ra, shu kunlarda birlashgan muxolifatdan prezident saylovlariga kim nomzod bo'lishi aniq bo'ladi.

"Qirg'izistonda yangi inqilob bo'lishi mumkinmi" degan savolga respublikaning AQShdagi elchisi, Otunbayevaning sobiq safdoshi Zamira Sidiqova "yo'q" deb javob beradi.

"Inqilob qaytarilmaydi. Hozirgi muxolifat yetakchilari oldin hukumat tarkibida bo'lgan. Biz esa, inqilobdan oldingi muxolifatchilar, oddiy xalq ichidan chiqqanmiz. Faollar, jurnalist, huquq himoyachilari edik. Hozirgi oppozitsiya besh yil oldingisidan tarqoqligi bilan ajralib turadi. Yagona dasturi, maqsadlari yo'q," deydi elchi Sidiqova.

Roza Otunbayeva o'zgacha fikrda.

"Hozirgi muxolifatda 2005 yil tajribasi bor. Biz yana bir oila rejimiga qarshi bosh ko'taryapmiz. Raqiblar muxolifat zaif va bo'sh demoqda, ammo uning shakllanish jarayoni tez bo'lmaydi. Bunga vaqt, tayyorgarlik, resurslar kerak. Korrupsiyaga botgan, kriminal doiralar ta'siriga tushgan tuzum tabiatini yaxshi anglab yetyapmiz. Beshta yirik partiyani birlashtirib, xalq harakatiga asos solganimizning o'zi katta gap," deydi Otunbayeva.

Uning aytishicha, saylovlarning iyul oxiriga belgilangani muxolifatga tayyorgarlik ko'rish uchun oz vaqt qoldiryapti.

"Tadbirning yozga belgilanishini muddatidan erta saylovlar deb hisoblaymiz. Bu payt odamlar dala hovlisida, talabalar esa ta'tilda bo'ladi. Hukumat ularni ovoz berishdan mahrum qilib, muxolifat imkoniyatlarini cheklamoqchi," deydi Otunbayeva.

O'tgan haftadagi namoyish paytida muxolifat saylov komissiyasi tarkibiga o'z a'zolarini kiritishni talab qilgan. Aks holda, deydi Roza Otunbayeva, hukumat saylovlarni soxtalashtiradi.

XS
SM
MD
LG