AQSh NATOdan Afg'oniston masalasida yordam kutmoqda


Yevropa bo'ylab safar qilayotgan prezident Barak Obama kelasi ikki kun davomida Fransiya va Germaniyada rejalangan NATOning 60 yilligi tantanalarida ishtirok etadi. Alyans a'zolari bilan uchrashuvi chog'ida Obama ulardan o'zining Afg'oniston va Pokiston bo'yicha yangi strategiyasini qo'llab-quvvatlashni so'raydi.

Strategiya NATOga a'zo davlatlar bilan maslahatlashgan holda tayyorlangani bois hujjat alyansga yot emas. AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, endigi vazifa - uni hayotga tadbiq etish, ya'ni undagi maqsadlarga erishish uchun zarur resurslar ajratish.

"NATOdagi ittifoqchilarimizning har biri strategiyada aks etgan ehtiyojlarni qoplashga hissa qo'shishi zarur," deydi Klinton.

Bu nafaqat qo'shimcha askarlar, balki Afg'oniston armiyasi va politsiyasi tayyorgarligi bilan shug'ullanuvchi mutaxassislar hamdir.

"Masalaning ish beradigan tomonlariga e'tiborni kuchaytiryapmiz. Ya'ni mamlakat xavfsizligini imkon qadar mahalliy kuchlar qo'liga topshirish lozim," deydi davlat kotibi.

Afg'onistondagi harbiy operatsiyalar va tiklanish ishlari uchun moddiy yordam ham zarur deydi.

Davlat xavfsizlik maslahatchisi Jim Jounsning aytishicha, yangi strategiyani ishlab chiqishda fikr-mulohazalari e'tiborga olinganidan minnatdor NATO a'zolari Afg'oniston masalasini hamkorlikda hal etish kerakligini yaxshi anglab yetmoqda.

Prezident Obama bugun Fransiyaning Strasburg shahrida talabalar bilan uchrashar ekan, yakshanba kuni Pragaga safari chog'ida yadro qurollarini qisqartirishga qaratilgan yangi taklif bilan chiqishini aytgan. Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi AQSh va Rossiya rahbarlarining strategik qurollarni qisqartirishga qaratilgan bitimni yangilash xususida muzokara boshlashga kelishganini olqishlagan.

Payshanba kuni Londondagi Katta Yigirmalik guruhi sammiti doirasida AQSh prezidenti Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Britaniya rahbarlari bilan alohida uchrashib, boshqa masalalarni ham muhokama etgan.

"Yadro xavfi, Shimoliy Koreya rejalayotgan sinov, Afg'onistonda terrorizm muammosi va mamlakatni barqarorlashtirish, sayyoramizni iqlim o'zgarishi asoratlaridan himoya etish kabi mavzular ko'tarildi," deydi Obama.

Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla bilan uchrashuvida esa Obama arab-Isroil mojarosi va qirollik 2002 yilda taklif etgan tinchlik rejasi xususida fikr almashgan.

XS
SM
MD
LG