Vashington SPID bo'yicha AQShda birinchi o'rinda


AQSh poytaxti immunitet taqchilligi va uning oqibatida vujudga keluvchi SPID kasalligi bo'yicha mamlakatda birinchi o'rinda turadi.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Vashingtonda yashovchi har 12 kishining biri virusni yuqtirgan va har 50 fuqarodan biri SPID bilan olishmoqda.

O'tgan uch yil ichida kasallik qamrovi 22 foizga kengaygan. Bu dahshat, deydi Vashington rasmiylari.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan Edvard ismli bemor virus bilan yashayotgan 50 ming vashingtonlikdan biri. Kasallikni orttirganiga 30 yil bo’libdi.

“Boshida jinsiy kasallikka chalingansan deyishdi. Hali u, hali bu deb turli diagnozlar qo’yishdi. Qonimni tekshirishlari bilanoq shu baloga giriftor bo’lganimni aytishdi”,- deydi Edvard.

Afsuski, bunday baloga yo’liqqanlar Vashingtonda kun sayin ko’payib bormoqda.

Shahar hokimiyati600 ming aholining 3 foizi yo virusdan yo SPIDdan azob chekmoqda deydi.

SPIDga qarshi kurash idorasi rahbari Shannon Xeyder deydiki epidemiya kun sayin quloch yozmoqda.

“SPID va unga olib boruvchi virusga qarshi uzoq muddatli kuchli reja bilan chiqish kerak. Bugungi harakatlarimiz foyda bermayapti. Vaziyat juda og’ir”,- deydi Xeyder xonim.

Virus, deydi shifokorlar, erkak yoki ayol tanlamaydi va asosan jinsiy aloqa orqali tarqaladi. Yana bir sababi giyohvandlik.

Kasallik qurbonlari aksariyat hollarda qora tanlilar. Vashingtonda ular aholining 80 foiziga to'g'ri keladi. Bemorlar orasida ham ular shuncha foizni tashkil etmoqda.

Qaniydi bu mash’um virus haqida yoshligimda yaxshiroq bilganimda, deydi Edvard.

“Ichkilik, giyohvandlikka berilgan odam prezervativlar haqida o’ylaydimi?Aqlini yo’qotgan inson voy ehtiyot bo’lay derdimi? Salomatlik bu paytda hech kimning esiga kelmaydi. Xayolingiz faqat aysh-ishratda… Ertangi kunni o’ylamaysiz”.

Bilim, tarbiya, sog’liqqa e’tibor, ogohlik va ehtiyotkorlik eng muhim talablar.

Vaqti-vaqti bilan test topshirishning ham ahamiyati katta. Jinsiy tarbiya ham oilada, ham maktabda berilishi shart, deydi shifokorlar. Virus sababini unga chalinib emas, chalinmaslik uchun bilish kerak.

SPID muolaja markazi xodimi Chip Luis loqaydlik va beparvolik kabi illatlarga urg’u beradi.

“Bilasizmi, kasallikni yengish yoki uning oldini olishning yagona va aniq yo’li yo’q. Uni puf etib yo’q qila olmaymiz. Vashingtonda, masalan, bu epidemiyada hammani ayblashimiz mumkin. Chunki bu aynan bir toifaga xos kasallik emas. Har bir kishi o’zi uchun javob berishi, ehtiyot bo’lishi kerak”.

Edvard singari bemorlar virusga osonlikcha boy bermoqchi emas. Kuchli dorilar mavjud ekan, qonida virus miqdorini past foizda ushlab turibdi. Muolaja turlari ko’p. Lekin hech kim bu kunni ko’rmasin, deydi bu dard changalida yashayotganlar.

XS
SM
MD
LG