Breaking News

NATO Afg'onistonga qo'shimcha kuch ajratishga rozi


Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar Yevropa bilan munosabatlarida yangi sahifa ochmoqda. “Birgalikda dunyoni yadro qurollaridan va terrorizm balosidan xalos etamiz”, deydi u.

Obama Afg’oniston va Pokiston bo’yicha strategiyasini amalga oshirishda ittifoqchilarning yordamiga umidvor.

Fransiya-Germaniya chegarasida NATO, Shimoliy Atlantika ittifoqi sammiti bo’lib o’tmoqda. NATO a’zolari yangi bosh kotib nomzodi borasida kelishgan. Daniya Bosh vaziri Anders Fog Rasmussen shu yil iyulidan tashkilot rahbari lavozimini egallaydi. Turkiya uzoq bahsdan so’ng, Rasmussen nomzodini ma’qullagan.

Barak Obama Strasburg shahridagi sport arenasida Fransiya va germaniyalik talabalar bilan muloqot qilgan. Savol-javob tarzida o’tgan tadbirda Obama ularga “fikr almashib, dilingizdagi gaplarni eshitmoqchiman” degan.

Yevropaliklar ko’ngliga yo’l topishga urinayotgan AQSh prezidenti ertaga Chexiya poytaxti Pragada nutq so’zlab, yadro qurollaridan voz kechish dasturini e’lon qiladi. Bu faqat Amerikaning muammosi emas, deydi Obama.

“Sovuq urush ortda qolganiga qaramasdan, yadroviy qurol va materiallarning tarqalishi bir kun kelib katta fojiaga yetaklaydi”, - deydi AQSh rahbari.

“Amerikada yangi ma’muriyat kelgani bilan xavfsizlikka tahdidlar o’sha-o’sha. Jorj Bush davri tugadi, Barak Obama yangi prezident ekan hammasi joyida bo’ladi degan xayolga bormang”.

Barak Obama NATO sammiti oldidan Fransiya rahbari Nikolya Sarkozi va Germaniya kansleri Angela Merkel bilan muloqot qilgan. Yevropa rahbarlari Obamaning Afg’oniston strategiyasini olqishlab, 5 ming harbiy instruktor va askar ajratishga ko’ngan.

Fransiya va Germaniyada NATOga qarshi namoyishlar avjida ekan, kuchli xavfsizlik choralari ko’rilmoqda. Tashkilotning 60 yillik sammitiga mezbon Strasburg va Baden-Baden shaharlariga 25 ming politsiyachi safarbar etilgan. Namoyishchilar binolarga o’t qo’ygan.

XS
SM
MD
LG