Breaking News

Amerikaning birinchi ayol jurnalistlari


Amerika axborot vositalarida bugun asosan ayollar mehnat qiladi va bu sohani egallash uchun o’qiyotgan yoshlarning ham aksariyati qizlar. Lekin tarixan ayollarning jurnalistikaga kirishi juda qiyin kechgan.

Bu jinsning ovozi mayin deya radio yoki televideniyega qo’yilmagan.

Siyosatni yoritish uchun zehni yetmaydi deya gazeta va jurnallarga yaqinlashtirilmagan. Biroq Ikkinchi Jahon Urushi bu kabi tengsizlik mantiqsiz ekanini namoyon etgan.

Margaret Rupli Vudvord 1940 yilda Gollandiyada AQShning NBC radiosiga ishlayotgan edi.

Bu davlatning birinchi ayol korrespondenti. Fashizm avj olib, natsistlar Germaniyasi Yevropa tinchligiga raxna solar ekan, bu ayol Amerikani urush haqida ogohlantirgan.

Arxiv:
“Men Margaret Rupli, Gollaniyadan gapirayapman. Hukumat bu yerda Yevropadagi siyosiy o’zgarishlarni qo’rqinch bilan kuzatmoqda. Gollandiyaning hech qanday urushda qatnashishga holi yo’q”.

Margaret Vudvord oliy ma’lumotli va ko’p tillarni biladigan mutaxassis edi. NBC radiosi uni shu sabab ham ishga olgan. Turmush o’rtog’i Deyvid Vudvord ingliz jurnalisti edi. Bugun Margaret Rupli 99 yoshda va o’sha tahlikali kunlarni yaxshi eslaydi:

“Amerikacha ovoz kerak ekan, mana men borman, dedim. Kuchli ovoz egasi kerak deyishdi, mana ovozimni eshiting, dedim. Erkak muxbir topisha olmagach, meni yollashga majbur bo’lishdi”.

Amsterdamda Margaret Rupli Amerikaning taniqli radio jurnalisti Edvard Morrov bilan tanishadi.

Edvard Murrov AQShning CBS radiosi muxbiri edi. U bilan yonma-yon ishlayotgan fotojurnalist esa Meri Marvin Brekrij bo’lib, ilk tasvirchi ayol edi. Margaret Rupli CBSning efirdagi raqibi NBCga ishlagan, ammo bu jurnalistlar bir-birini yaqindan quvvatlagan.

Amerikada senzura yo’q edi, deydi keksa muxbir, lekin Gollandiya armiyasi uning materiallarini tasdiqlashi kerak edi. Margaret Rupli 1940 yilning 10 martida bergan lavhasini o’qiydi.

Arxiv:
“Ertadan binoan Amsterdam aerportiga chet el samolyotlarining qo’nishi man etiladi. Hukumat barcha idora, matbuot uylari va boshqa muhim ob’yektlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda”.

Ikki oy o’tib Germaniya Gollandiyani ishg’ol qiladi. Hujumning ilk kunidayoq Margaret Rupli ishlaydigan binoga bomba tashlanadi. Natijada jurnalist AQShga reportaj uzata olmaydi. Nemis qo’shinlari Amsterdamni egallar ekan, muxbirlar shaharni tark etadi. Margarest Rupli va turmush o’rtog’i bir amallab Angliyaga yo’l oladi.

“Hamma narsamizni tashlab, erimning ikki poy paypog’i, tish cho’tkamizni olib qochishga majbur bo’lganmiz. Har tarafda urush boshlanayotgan edi,” – deydi u.

Londonga yetib olgach, Margaret Rupli ketma-ket reportajlar orqali vaziyatni sharhlab beradi. Olti oy davomida frontdan xabar yuborib turadi. Qo’shma Shtatlarga qaytgach, NBC radiosidan to’liq stavkada ishlashni so’raydi.

“Iltimosimni eshitib mazah qilishgan. NBC studiyalariga borib, ish bering, dedim. Albatta yo’q, deyishdi,” – deydi Rupli.

AQSh axborot vositalarini tebratayotgan erkaklar hali ayol hamkasblarga tayyor emas edi. Lekin ular nimaga qodir ekanini namoyish etdi. Jurnalistika qaddini rostlar ekan, ayol muharrir, muxbir va diktorlarga ham joy topildi va ular asosiy xabarchilarga aylandi.

Iroq va Afg’onistondagi urushlar, qolaversa Afrikadagi etnik va siyosiy mojarolarni yoritayotgan matbuotchilar, tele va radiojurnalistlar ko’p hollarda xotin-qizlardir.

XS
SM
MD
LG