Breaking News

Obama dunyoni atom qurollaridan voz kechishga chaqirmoqda


Shimoliy Koreya uzoq masofaga ucha oladigan raketa uchirgach, AQSh prezidenti Barak Obama dunyo hamjamiyatini bu mamlakatga qarshi tezkor choralar ko’rishga chaqirmoqda.

“Raketa sinovi global tinchlikka tahdid. Xavfsizlik Kengashi bu provokatsiyaga loyiq javob berishi kerak. Xalqaro tartib-qoidalar barcha uchun bir”, - deydi AQSh rahbari.

Chexiya poytaxti Pragada qilgan nutqida, Obama yadro qurollarini Sovuq urushning eng xavfli merosi deya ta’riflab, barcha mamlakatlarni qurolsizlanish harakatiga qo’shilishga undagan.

Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalari sinov muvaffaqiyatli o’tib, samoga sun’iy yo’ldosh uchirilgani hamda u bilan aloqa o’rnatilgani haqida xabar bermoqda. Mamlakat televideniyesiga ko’ra, sun’iy yo’ldosh yerga turli ma’lumotlar, jumladan mamlakat rahbarlarini ko’klarga ko’taruvchi musiqa uzata boshlagan.

Fazoni tadqiq qilish loyihasi, deydi rasmiylari, faqatgina tinch maqsadlarni ko’zlaydi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya va Yaponiya nazarida rasmiy Pxenyan aslida qit’alar-aro ballistik raketasini sinovdan o’tkazgan.

Vaziyatni yaqindan kuzatayotgan AQSh harbiylari Shimoliy Koreya hududidan raketa uchirilganini tasdiqlasa-da, yer orbitasiga biror jism kirmaganini aytmoqda. Raketaning bir qismi, deydi ular, Yapon dengizi, yana bir qismi esa Tinch okeaniga qulagan.

Yaponiya zudlik bilan BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini o’tkazib, Shimoliy Koreyani jazolashga chaqirmoqda. 2006 yilda ma’qullangan rezolyutsiya mamlakatda ballistik qurollar yaratishga qaratilgan tadqiqotlar olib borishni man qilgan edi.

“Rasmiy Pxenyan ochiqchasiga xalqaro qonunlarni buzmoqda”, - deydi Yaponiya Bosh vaziri Taro Aso. Uning aytishicha Shimoliy Koreyaga nisbatan qo’shimcha sanksiyalar joriy etiladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Shimoliy Koreya olib borayotgan harakatlar mintaqada tinchlik va barqarorlikka xizmat qilmaydi deya qayd etgan. Yevropa Ittifoqi raketa sinovini qoralamoqda. Janubiy Koreya va Qo’shma Shtatlar uni “qaltis xato” deb tanqid qilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari Rossiya va Xitoy Pxenyan bilan diplomatik aloqa yurituvchi kam sonli davlatlardan. Ular nazarida masalaga bosiqlik bilan yondashish kerak.

XS
SM
MD
LG