Breaking News

AQSh mudofaasidagi o'zbekistonlik askar hikoyasi


Qo’shma Shtatlarda har yili armiyaga 80 ming askar qabul qilinadi. Harbiy xizmat majburiy emas.

Davlat qurolli kuchlar safiga kirganlarga maosh taklif qilibgina qolmay, yoshlarning bilim olishi, kasbli bo’lishi uchun moliyaviy va professional yordam ham taklif qiladi.

Ularga qator imtiyozlar beradi. Vatan mudofaasiga tayyorman deb turganlarning ham muddaolari har xil.

Kimdir vatan himoyasi uchun otlansa, kimdir ish topa olmay, boshqa biri esa o’qishga kira olmay yoki moliyaviy qiyinchiliklar tufayli armiyaga qo’shiladi.

Lekin bugun AQSh qurolli kuchlari safida fuqaro bo’lmagan yoki bu mamlakatga muhojir sifatida kelib, keyinchalik harbiy xizmatga olingan mutaxassislarni ham ko’rasiz. Ular shartnomaga rioya qilib, ishonchni oqlasa, fuqarolikka loyiq ko’riladi.

AQSh Mudofaa vazirligi berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, armiya safida hozir 28 o’zbekistonliklar bor: 26 oddiy askar va ikki ofitser.

Ravshan Bizli (Beasley) 2004 yildan beri harbiy xizmatda. U Xavfni Kamaytirish Agentligining yadroviy masalalar bo’limida (Defense Threat Reduction Agency - DTRA) tarjimon bo’lib ishlaydi. Ravshan o’gay otasining familiyasida.

Ravshan 12 yoshida onasi va ikki inisi bilan AQShga kelgan. Bugun bu davlat fuqarosi. Ona tilini ancha unutganini aytib, “Amerika Ovozi” bilan o’zbek tilida emas, rus tilida gaplashdi.

“Universitetda, kimyo fakultetida o’qib yurgan paytim edi (Western Washington University). Kimyo fanini yaxshi ko’raman, lekin bu sohada ishlashga uncha xushim yo’q. Butunlay boshqa yo’nalishda o’zimni sinash uchun armiyaga bordim”.

Ravshanning aytishicha, harbiy xizmatga hamma ham dosh beravermaydi. U bilan birga askarlikka yozilgan yigitlarning 30 foizi safni tark etgan.

“Rekrutorlar bilan 3-4 oy gaplashdim, so’ng shartnoma imzoladim. Meni Missuri shtatiga, harbiy tayyorlov kurslariga jo’natishdi. Ana o’sha yerda ko’pchilik mashqlarga chiday olmadi. Masalan, mening rotamda asosan maktabni endi bitirgan bolalar edi. Ertalab soat 4 da turib, mashq qilish kerak edi. Bizga baqirib buyruq berishar edi. Og’ir-og’ir yuklarni ko’tarishga to’g’ri keldi. Bolalar qo’li, oyog’i, belini mayib qildi”.

Ravshanning aytishicha yigit-qizlarni harbiy xizmatga chorlovchi omillardan biri bu – imtiyoz, moliyaviy yordam.

Armiya Ravshanning o’qish pulini, uy, yegulik, mashina bilan bog’liq xarajatlarini qoplaydi. Hozir Alabamada Troy Universitetining (Troy University) sirtqi bo’limida magistraturada xalqaro munosabatlarni o’rganmoqda. Askarning maoshi yiliga 40 ming dollar atrofida. Bundan tashqari tilmochlik xizmati, ijara haqi va kundalik xarajatlar uchun alohida to’lanadi, deydi Ravshan.

“Shunga yarasha xizmatni astoydil o’tab berishimiz kerak. Afg’onistonga jo’natishsa, buyruqni so’zsiz bajaraman. Ortiqcha o’ylab, qo’rqib o’tirish yo’q - burchim shu. Shartnomani 2004 yilda imzoladim - urush avjiga chiqqan payt edi. Bilib shu ishga qo’l urdim, albatta onamga yoqmadi qarorim. Urushga yuboradi deb xavotirlanadilar”.

Ravshan Afg’oniston va Iroqda xizmat qilmagan, ammo safdoshlari orqali jang maydonidagi vaziyat hamda shart-sharoitlar bilan yaqindan tanish.

Boshida o’zini sinab ko’rish uchun armiyaga qo’shilgan bu o’zbek yigiti hozirga kelib o’zini nafaqat Amerika fuqarosi balki ikki xalq qorishmasi deb biladi. Shu davlatda ta’lim olib, uning nonini yeb, oyoqqa turganingizdan keyin, uni mudofaa qilish ham burchingiz, deydi u.

XS
SM
MD
LG