Amerika-Rossiya aloqalarida iliqlik - uzoq muddatgami?


Qo’shma Shtatlar va Rossiya joriy yili strategik qurollarni kamaytirish bitimini yangilashi kutilmoqda.

Bu haqda prezident Barak Obama va Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev Londonda, Katta Yigirmalik sammiti doirasida o’tgan uchrashuvda kelishib olgan.

Amerika yangi ma’muriyati Kreml bilan til topisha oladimi? Yangicha munosabatlar qanday asosda qurilishi kerak?

Jorj Bush prezidentligining so’nggi pallasiga kelib, Vashington-Kreml aloqalari Sovuq Urush davridan beri eng past nuqtaga yetgan edi desak xato bo’lmaydi. Rossiyalik jurnalist Masha Lipmanning kuzatishicha, o’tgan hafta Obama va Medvedev o’rtasidagi yuzma-yuz muloqot Rossiya ommaviy axborot vositalarida ijobiy yoritilgan.

“Tomonlar bir-biri bilan yangicha ohangda gaplasha boshlagan. Shuning o’zi ijobiy holat”, - deydi Lipman. “Lekin bu munosabatlarda burilish ro’y beryapti degani emas”.

Qo’shma Shtatlar o’zi va ittifoqchilarini himoya qilish maqsadida “Sharqiy Yevropada mudofaa sistemasi o’rnatamiz” deb qanchalik jar solsa, Rossiyaning ham bu rejaga qarshiligi shunchalik oshib boryapti. O’rtadagi nifoqni kuchaytirayotgan boshqa omillar ham bor, deydi jurnalist.

“Moskva AQSh rejasidagi tizim Erondan himoya ekaniga hech qachon ishonmaydi. Bunga o’rtadagi chuqur ishonchsizlik sababchi. Kreml bu borada AQShdan biror kafolat ololmas ekan, Eronni yadro maqsadlaridan qaytarish masalasida birga ishlash qiyin kechadi”, - deydi Masha Lipman.

Rossiyani shuningdek Gruziya va Ukraina kabi unga qo’shni davlatlarning NATO ga qo’shilishi va buning natijasida tashkilotning Rossiya ostonasiga yaqinlashishi tahlikaga solmoqda. Biroq Obama ma’muriyati nazarida XXI asrda “ta’sir doiralari” haqida gapirish o’rinsiz va Amerika Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini hech qachon tan olmaydi.

Amerikalik olim Pol Gobl ta’biricha umummanfaatlar haqida gapirish mumkin bo’lgan yagona soha bu – yadroviy qurollarni tarqatmaslik.

“Dunyo e’tiboriga molik boshqa masalalarda - bu Gruziya, Shimoliy Koreya, xalqaro valyuta siyosati bo’ladimi, AQSh va Rossiya kelisha olmayapti. Masalan, BMT Xavfsizlik Kengashida Shimoliy Koreyaning raketa sinovini qoralovchi rezolyutsiya Rossiya va Xitoy vetosi tufayli ovozdan o’tmadi. Rossiya dollar o’rniga muqobil xalqaro valyuta joriy etish tashabbuslarini ham quvvatlab chiqmoqda”, - deydi Pol Gobl.

Ammo olim nazarida vaqt o’tib Kremlning Eron borasidagi pozitsiyasi o’zgarishi mumkin. “Tehron hozirgi sa’y-harakatini davom ettirsa, yaqin orada yadro quroli yaratish salohiyatini qo’lga kiritishi turgan gap”, - deydi Gobl. “Balki shunda Rossiya ham AQSh singari mudofaa tizimi haqida o’ylanib qolar”.

Germaniyalik jurnalist Kristian Vernike deydiki, AQSh-Rossiya prezidentlarining uchrashuvi va hamkorlikka shayligi uning mamlakatida ijobiy qarshi olingan. “Germaniya”, deydi u, “qurolsizlanish harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi”.

Ma’lumki, 1991 yilda imzolangan Strategik qurollarni kamaytirish, qisqacha START bitimining amal qilish muddati tugamoqda. AQSh va Rossiya ko’p masalalarda kelisha olmasa-da, hamjihatlikda harakat qilmasa bo’lmaydi, deydi siyosatdonlar.

XS
SM
MD
LG