Gruziya namoyishlar domida, muxolifat to'xtamoqchi emas


Gruziyada fuqarolarning amaldagi prezidentga qarshi norozilik chiqishlari davom etyapti.

Mixail Saakashvilini lavozimidan ketishga chaqirayotgan namoyishchilar poytaxt Tbilisida asosiy yo’llarni to’sib qo’ygan. “Saakashvili ishdan ketmas ekan, aksiya har kuni, uzluksiz davom etadi”, - deydi ular.

Prezident idorasi oldida maydonda chodirlar tutilib, odamlar u yerda tunay boshlagan.

Militsiya ommaviy chiqishlarni kuzatmoqda, ammo ularga halal bermayapti.

Muxolifatchi partiyalarning asosiy da’vosi shuki, prezident Saakashvili o’tgan yili mamlakatni Rossiya bilan urushga yetaklab, katta xatoga yo’l qo’ydi.

Gruziya buning oqibatida ikki bo’lginchi hududi – Abxaziya va Janubiy Osetiyani butunlay Rossiyaga boy berdi. Mixail Saakashvili, deydi muxolifatchi siyosatchilar, ortiq mamlakatni boshqarishga haqli emas. Ular nazarida Gruziya boshdan kechirayotgan siyosiy-iqtisodiy inqirozga aynan prezident javobgar.

Namoyishchilardan biri Zaza Adeishvili “Mixail Saakashvili hokimiyatga zo’ravonliksiz, tinchgina yo’l bilan qanday kelgan bo’lsa, shunday ketsin. Bizning kuch ishlatish niyatimiz yo’q”, - deydi. “Hech kim qon to’kilishini istamaydi, prezident Gruziyani tark etsa bo’lgani”.

2003 yilda Mixail Saakashvili rahbarlikka kelganidan beri eng katta namoyishlarda 60 minggacha fuqaro ishtirok etyapti. Saakashvili katta va’dalar bilan prezidentlik vazifasiga kirishgan edi. Lekin, tanqidchilar nazarida, o’tgan davr mobaynida mamlakat iqtisodiy hayotida sezilarli ijobiy o’zgarish ro’y bermadi.

Oppozitsiya yetakchilari, jumladan Saakashvilining eng yaqin safdoshlaridan bo’lgan, u bilan yelkama-yelka turib, Eduard Shevardnadze iste’fosini talab qilgan Nino Burjanadze bugun prezidentni avtoritarizmda ayblamoqda. Gruziya parlamenti sobiq spikeriga ko’ra, Saakashvilidan nafaqat uning sobiq safdoshlari, balki xalq ham norozi.

“Tbilisida qariyb 200 ming kishi namoyishga chiqdi, ya’ni poytaxtda yashovchilarning har beshdan biri amaldagi siyosatdan norozi. Ular prezidentni lavozimidan ketishga chaqirmoqda”, - deydi Nino Burjanadze.

“Gruzin xalqiga haqiqiy demokratiya, qolaversa es-hushli yangi rahbar kerak”, - deydi u.

Burjanadzening ta’kidlashicha, gruzin muxolifati hozir yagona maqsad sari, ya’ni prezident iste’fosiga erishish uchun harakat qilmoqda va shu niyatda birlashgan. Lekin muxolifatdan prezidentlikka yagona nomzod tanlanganicha yo’q.

“Saylov kuni belgilangach, har bir partiya o’z nomzodi bilan chiqsin va nima uchun xalq ovozi va ishonchiga loyiq ekanini isbotlasin”, - deydi sobiq qonunchi.

Gruziyaning Amerikada tahsil olgan 41 yoshli rahbari, o’tgan yili ikkinchi muhlatga saylangan Mixail Saakashvili, unga qarshi kayfiyat kuchayib borayotganiga qaramasdan, lavozimidan ketmoqchi emas.

“Xalq kayfiyatini tushunaman. Talab va istaklarini diqqat bilan tinglayapman”, - deydi Saakashvili. “Ularga javobim – keling gaplashaylik, Gruziya demokratiyasini mustahkamlash yo’lida birga ishlaylik. Taklifim o’ta jiddiy. Murosa qilsak, albatta natijaga erishamiz”, - deydi Gruziya prezidenti.

2007 yildan farqli o’laroq, hukumat hozircha namoyishlarni bostirishga urinayotgani kuzatilmayapti. AQSh Davlat departamenti vaziyatni kuzatar ekan, rasmiy izoh quyidagicha: “Tinch namoyishlar demokratiyaning tarkibiy qismi, fuqarolar shu tariqa siyosatdan rozi yoki norozi ekanini bildiradi”.

XS
SM
MD
LG