Suv ustidan raqobat davlatlarni ikkiga ajratib qo'ymoqda


Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg’armasi sammiti Markaziy Osiyoda suv taqchilligi bilan bog’liq vaziyatga oydinlik kiritishi kutilmoqda. Sammit shu oy oxirida Almatida o’tadi.

Iqlim o’zgarishi dunyoning aksariyat qismiga toshqinlar bilan ta’sir etayotgan bo’lsa, mintaqada qurg’oqchilik davri bilan kuzatilmoqda.

“Tinch okeanidan kirib kelayotgan iliq oqimning mintaqaga kirib kelishi keyingi 10 yilda havo haroratini 0,3 darajada oshishiga olib keladi. Bu albatta ekologiyaga ta’sir etmasdan qolmaydi. Keyingi paytda dunyo muzliklari zaxirasi 30-40 foizga kamaydi. Natijada suvning umumiy miqdori ham kamayib borayapti. Markaziy Osiyoda 160 kub kilometr suv zaxirasi bo’lsa, 130 kub kilometrga tushishi, kamayish tendensiyasi bor. Buning asosiy sababi global darajada iqlim o’zgarayotganidir ”, - deydi ekolog olimlardan biri.

Suv muammosining keskinlashgani bir qadar ziddiyatli munosabatga ega mintaqa yetakchilarini uchrashishga, bir qarorga kelishga majbur etmoqda.

Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi 1993 yilda mintaqaning beshta respublikasi tomonidan tuzilgan. Jamg’armaning bevosita faoliyati bilan bog’liq masala - Orolni qutqarish imkoniyati boy berildi.

Kutilayotgan sammitda Orolni qutqarish emas, mintaqaga tahdid solib turgan suv taqchilligi masalasi muhokama qilinadi. Tadbir arafasidagi tayyorgarliklarga qaraganda, uchrashuv pozitsiyalar to’qnashuvi bilan kechishi mumkin. Turkmaniston, Qozog’iston va O’zbekiston prezidentlari suv masalasida o’z pozitsiyalarini kelishib olishdi.

Akademik Bekjon Toshmuhammedovga ko’ra suv masalasi daryoning yuqori va quyi qismida joylashgan davlatlar pozitsiyasini tabiiy ravishda ajratadi.

“Biroq bu quyida joylashgan davlatlar yuqorida joylashgan davlatlarga qarshi harakat qiladi degani emas. Quyidagilar Sirdaryo va Amudaryo boshida joylashgan davlatlar bilan amaliy tarzda muloqot yuritmoqchi. Menimcha bu uchrashuv juda samarali bo’ladi, chunki transchegaraviy daryolar bo’yicha o’zaro hamkorlikdagina bir qarorga kelish kerak”, - deydi Bekjon Toshmuhamedov.

Turkmaniston Amudaryodan, Qozog’istonning janubiy hududlari esa Sirdaryodan suv ichadi. Mintaqada eng ko’p suv iste’mol qiladigan mamlakat - O’zbekiston nafaqat qishloq xo’jalik ekin maydonlari ko’pligi, balki aholi soni jihatdan ham mintaqadagi yirik davlat.

Sammit iqtisodiy imkoniyatga ega davlatlarning nisbatan qashshoqroq Qirg’iziston va Tojikiston pozitsiyasiga qarshi turishlari bilan ham diqqatli. Qirg’iziston va Tojikistonga e’tirozlar bu mamlakatlarda qurilayotgan suv to’g’onlariga qaratilishi kutilmoqda.

Islom Karimov suv muammosiga haqida gapirar ekan, qo’shni davlatlarda qurilayotgan suv to’g’onlari ekologiya buzilishiga, tabiiy ofatlarga sabab bo’lishi mumkinligini ta`kidlagan.

Yaqinda o’zbekistonlik mutaxassislar Tojikistondagi Vaxsh daryosida qurilalyotgan Rog’un GESi o’rniga Sarez ko’lida gidrostansiya qurish tashabbusi bilan chiqishdi. Lekin bu Tojikiston tomonidan jiddiy qabul qilingani sezilmadi.

Suv muammosi bilan bog’liq vaziyat mart oyida Istanbulda o’tgan butunjahon suv forumida ham muhokama qilindi. Forumda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi. O’zbekiston tomonidan suv va qishloq xo’jaligi vaziri o’rinbosari Sh. Hamroyev boshliq delegatsiya qatnashdi.

Tojikiston prezidentining ta’kidlashicha dunyo miqyosida suv bahosi oshmoqda. Kelajakda suv - neft, gaz, ko’mir kabi energetik mahsulotlardan ko’ra ham qimmatlashishi mumkin. Mintaqada ziddiyatlar chuqurlashishi ortida energetika masalasi yotibdi.

Turkmaniston, Qozog’iston, O’zbekiston ham energetik manbalarga boy davlatlar. Suv boshidagi qo’shnilarda esa energiya yetishmovchiligi kuzatiladi. Tojikiston va Qirg’iziston quyida joylashgan davlatlarga suv uchun haq to’lash lozimligiga ishora qilib keladi.

“To’g’ri, suv energetik resurs. Lekin bu katta-katta suv omborlari qurib, O’zbekistonga, Qozog’istonga suv bermay, energiyani Pokistonga, Eronga yoki boshqa davlatlarga sotish degani emas. Birinchi galda mintaqa aholisini to’liq ta’minlashimiz kerak. Keyin birgalashib boshqa mamlakatlar bilan muomala qilamiz”, - deydi ekolog olim Tohir Majitov.

Sharhlovchi Komron Aliyev fikricha mintaqa suvidan foydalanishda sobiq Ittifoq tuzumidagi amaliyotga qaytgan ma’qul.

“Sovetlar davrida ham GESlar qurilgan, o’sha paytda ham pastdagi davlatlar qancha suv olish kerak bo’lsa shuncha suv olishgan. Tojikistonni olsak, deylik o’zidagi suv manbalarini 15 foizidan foydalanadigan bo’lsa, shu foizdan foydalanaverishi kerak. Kam bo’lsa ham, ko’p bo’lsa ham janjalga sabab bo’lishi mumkin. Katta suv to’g’onlari qurilishi masalasi esa ekologlar, mutaxassislar tomonidan to’liq kafolatlanishi kerak”, - deydi sharhlovchi.

Mintaqadagi suv taqchilligi muammosidan geosiyosiy manfaatlar uchun foydalanilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

“Rossiya siyosatchilari mintaqa davlatlari o’rtasidagi suv bo’yicha kelishmovchilikdan juda unumli foydalanish yo’liga o’tganga o’xshaydi. Rossiya prezidenti O’zbekistonga kelib, Tojikistonni qoralagandek bo’lib, Karimovni ruhan ko’tarib ketishi, mintaqa uchun shubhali ko’rinadi. Chunki Tojikiston, Qirg’iziston energiya ta’minotida asosan O’zbekistonga taqalib qolgan. Rossiya shuncha payt bu boradagi mojaroga aralashmay birdan Karimovning yonini oldi. Bu mintaqadagi qarama-qarshilikni kuchaytirishdan boshqa narsa emas”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.

Rossiyaning mintaqa energetik zaxiralari, gidroenergetika sohasidagi ishtiroki kuchli. Tojikistondagi “Nurek” elektrostansiyasining aksariyat aksiyalari ham Rossiya kompaniyasiga qarashli, ishtirokini cheklamoqchi emas.

Tojikistondagi Rog’un GES iga mablag’ ajratish qo’shni davlatlar roziligini talab etishi haqida bayon qilgan Kreml, Qirg’izistondagi “Qambarota” gidrostansiyasi qurilishi uchun 2 milliard dollarga yaqin kredit ajratishini ma’lum qilgan.

“Medvedev O’zbekistondan Rossiyaga qaytishi bilan o’z va’dasini ham unutdi. Darhol Qirg’izistondagi GES qurilishiga 1,7 milliard dollar kredit ajratish haqida va’da berdi. Medvedevning Toshkentdagi gaplari Qirg’izistonga ham tegishli bo’lishi kerak edi. Suv yo’llarini to’sish O’zbekistonga emas, Qozog’istonga ham zarar yetkazadi, mintaqada munosabatlarni chigallashtirib yuboradi. Demak, Medvedevning Qirg’izistonga va’dasi AQSh harbiy bazasini mamlakatdan chiqarish uchun shunchaki aytilgan yoki bu yerda mintaqa davlatlari o’rtasida doimiy ziddiyatni ushlab turish nazarda tutilgan”, - deydi Komron Aliyev.

Yevropa Ittifoqining mintaqa davlatlari o’rtasidagi suv muammosiga aralashuvi kuzatilmaydi. G’arb tomonidan ajratilayotgan moddiy yordam sug’orish tizimlarini zamonaviylashtirish, suvdan tejamli foydalanish kabi maqsadlarga qaratilgan.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Pyer Morel fikriga ko’ra mintaqada ulkan to’g’onlarni qurish ekologik vaziyatga ta’sir o’tkazishi mumkin. Ulkan to’g’onlar qurish o’rniga kichik gidrostansiyalar qurish bilan muammoni hal etgan ma’qul, deydi u.

XS
SM
MD
LG