Amerika mudofaa xarajatlarida katta o'zgarishlar


AQSh Mudofaa vazirligi – Pengaton harbiylarni Iroq va Afg’onistondagi kabi partizan urushlariga tayyorlashga zo’r bermoqda.

Ushbu yondashuv Mudofaa vaziri Robert Geyts Kongressga taqdim etgan 2010 yil byudjet loyihasida aks etgan.

Geyts fikricha, ilg’or ammo qimmatbaho qurollarga tikilgan milliardlab dollar pul razvedka va maxsus kuchlarni tayyorlashga sarflangani ma’qul.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts olg’a surayotgan islohot dasturi, agar ma’qullansa, qurol sanoati va bu sohadagi kompaniyalar faoliyatiga bevosita ta’sir etadi.

Unda, jumladan, AQSh byudjetiga qimmatga tushayotgan dasturlarni tugatish, harbiy-moliyaviy resurslarni razvedka xizmatini kuchaytirish, jangari kuchlarga qarshi kurashga yo’naltirish ko’zlangan.

“Amerikaning 2010 yil mudofaa byudjeti”, deydi Robert Geyts, “Iroq va Afg’onistondagi tajribani, shuningdek bugungi va ertangi kun global tahdidlarini inobatga olgan holda tuzilgan”.

“Bugun urush tushunchasi tamoman o’zgargan, talablar boshqa”, - deydi vazir.

"E’tiborni isyonchi va terrorchilarni qo’lga oladigan maxsus guruhlarni tayyorlash, armiya va dengiz kuchlari safini kengaytirishga qaratmoq lozim. Gap zobitlarni o’zga xalqlar tili va madaniyati bilan yaqinroq tanishtirish va ayniqsa AQShga dushman guruhlarning taktikasini qunt bilan o’rganish haqida ketmoqda".

Shu bilan birga, Qo’shma Shtatlar krizis sharoitida, quyushqondan chiqib ketgan harbiy xarajatlarni qanday qilib tartibga solish ustida o’ylanib qolgan.

Mudofaa vaziri Geyts Sovuq Urush davrida loyihalashtirilgan F-22 rusumidagi jangovar samolyotlar ishlab chiqarishni kamaytirish, o’rniga - ham arzon, ham turli maqsadlarda foydalanish mumkin bo’lgan F-35 uchoqlarini ko’paytirishni tavsiya etmoqda.

AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa sistemalarini o’rnatish rejasi o’zgaradimi-yo’qmi, bu hozircha noma’lum. Vazirning bu boradagi fikrlari quyidagicha:

“Yaqinda Shimoliy Koreya amalga oshirgan raketa sinovi xavotirlar asossiz emasligini ko’rsatdi. AQSh uzoq masofali raketa hujumiga qarshi vositalarni yangilash, mudofaa salohiyatini oshirish uchun sarmoyani ayamaydi”.

Mutaxassislar nazarida Geyts ilgari surayotgan islohot dasturi, ayniqsa qurol-yaroqqa sarflanayotgan xarajatlarni kamaytirish tashabbusi qarshilikka uchrashi muqarrar.

AQSh harbiy-sanoat kompleksi Kongressda kuchli lobbiga ega. Qurol savdosi va ishlab chiqarish kamaysa, bu sanoatda ishlaydigan millionlab amerikalik ishidan ayriladi.

XS
SM
MD
LG