AQSh Yaqin Sharqda tinchlik harakatlarini kuchaytirmoqda


AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell shu hafta mintaqa bo'ylab safar qilmoqda. Isroil yangi Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Isroil bilan yonma-yon yangi Falastin davlatining barpo etilishiga qarshi ekanini bildirgan, bu esa Obama ma'muriyatining mintaqadagi vazifasini qiyinlashtirishi turgan gap. Sobiq senator Mitchell mintaqaga tashrifi davomida Isroilni tinchlik jarayoniga yangidan jalb etishga harakat qiladi.

Isroildagi parlament saylovlari natijasida hokimiyat tepasiga Netanyaxu yetakchiligidagi konservativ kuchlarning kelishi Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga pand bermoqda. Netanyaxu mustaqil Falastin davlati bo'lishiga qarshi, chunki u va tarafdorlarining fikricha, bunday davlat terrorchi va jangarilar qo'liga tushsa, Isroil xavfsizligi tahdid ostida qoladi.

Shunga qaramay yakshanba kuni Netanyaxu Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan saylovlardan so'ng ilk bor muloqot qilib, tinchlikka umidini yo'qotmaganini aytgan.

Bu Jorj Mitchellning mintaqaga uchinchi safari. Bugun u Marokash va Jazoirda bo'lgan. Isroil va Falastindan tashqari Misrga ham borishi kutilmoqda. Isroil matbuotiga ko'ra, keksa diplomat Netanyaxu hukumatining tinchlik jarayoniga nisbatan munosabati va kayfiyatini o'rganmoqchi. Xabarlarga ko'ra, Mitchell yozgacha Quddusda o'z idorasini ochib, mintaqaga uch haftada bir borib turadi.

Isroildagi yangi hukumat ayni damda Falastin masalasiga nisbatan siyosatini ishlab chiqmoqda. Yaqin orada Netanyaxu bu borada pozitsiyasini aniq va to'la ifoda etishi kutilmoqda, deya xabar qiladi mahalliy matbuot.

Benyamin Netanyaxu Falastin muxtoriyatini kuchaytirish kerak, ammo mustaqil davlat maqomisiz deydi.

"Iqtisodiy taraqqiyot, xavfsizlik apparatini kuchaytirish va diplomatik muzokaralar orqali Falastinni Isroilga nisbatan xavfsizroq qilish zarur," deydi yangi bosh vazir.

Isroillik tahlilchilar nazarida Obama ma'muriyati ham Isroil-Falastin borasida aniq siyosat ishlab chiqmagan, ammo umumiy siyosatni qo'llab-quvvatlaydi.

"Qo'shma Shtatlar Isroil va Falastinning ikki mustaqil davlat sifatida tinchlik va totuvlikda yashashi tarafdori," deydi Obama.

Jorj Mitchell mintaqaga safari davomida tinchlik jarayoniga yondashishning yangicha yo'llari va g'oyalarni o'rganishga harakat qiladi, deydi mintaqa tahlilchilari.

Ulardan biri "Arab Tashabbusi" deb nomlanib, 2002 yili Saudiya Arabistoni tomonidan taklif etilgan. Iordaniya qiroli Abdulla kelasi hafta Vashingtonga safar qilib, Obama bilan uchrashuvi chog'ida undan "Arab Tashabbusi" rejasini qo'llab-quvvatlashni so'raydi.

Unga ko'ra, Isroil 1967 yilgi urushda qo'lga kiritilgan arab yerlarini, jumladan G'o'lan tepaliklarini va Quddusning sharqiy qismini qaytarsa, arab davlatlari bilan normal aloqaga ega bo'ladi. Misr, Livan, Iordaniya, Qatar va Saudiya Arabistoni "Arab Tashabbusi" rejasini qo'llab-quvvatlashini yaqinda yana bir bor ta'kidlagan.

Oy oxirida Vashingtonda Mahmud Abbos ham bo'ladi. "Agar Isroil Falastin davlati barpo etilishiga rozi bo'lmasa, hudud ekstremistlar qo'liga tushsa, vaziyat yanada murakkablashadi," deydi Abbos hukumati.

Isroilning yaqinda G'azodagi urushini AQSh zaifligining oqibati deb ko'rgan oddiy falastinliklar siyosatchilar tinchlikni o'rnata olmasa, Isroilga qarshi jihodni davom ettirishga majburmiz deydi.

XS
SM
MD
LG