Toshkentda huquq himoyachisi Yelena Urlayevaga hujum qilingan


Noma`lum kishilar huquq faoliga pichoq bilan tahdid qilgan. Ayni paytda mazkur hodisa yuzasidan qidiruv ishlari boshlangan.

Yelena Urlayevaning aytishicha, qora ko`zoynakli noma`lum kishilar to’satdan unga tashlanib, kaltaklagan, keyin pichoq bilan ustidagi kurtkasini yirtib tashlagan.

“O`sha paytda uyim atrofini ichki ishlar xodimlari kuzatib turgani ham ehtimoldan xoli emas. Hujum qilishdan maqsad - meni qo`rqitib qo`yish edi. Bezorilar pichoq bilan menga jiddiyroq shikast yetkazishi uchun biror to`siq qolmagandi. Ular “nega haliyam O`zbekistondan chiqib ketmayapsan?” deb tahdid qilishdi. Shu bois bu yerda hukumatning ham qo`li bormikan, deb taxmin qilyapman”, - deydi huquq himoyachisi.

Ichki ishlar boshqarmasi hujum qilgan kishilarni topish maqsadida qidiruv-surishtiruv ishlarini boshlagan.

Urlayevaning hamkasblari ta’rificha, bezorilar hujumi huquq himoyachisining kasbiy faoliyati bilan bog`liq.

“Uning boshqa biror kishi bilan shaxsiy adovati bo`lmagan”,- deydi huquq himoyachisi Salomat Boymatova.

Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy og’li deydiki, so`nggi paytda Yelena Urlayeva ko’proq fuqarolar va militsiya o`rtasidagi mojarolar bilan shug`ullangan.

“Militsiyaning qing`ir ishlaridan fuqarolarni himoya qilish bilan shug`ullanayotgan edi. Buning uchun nafaqat tazyiq ko`rsatishdan, balki jismonan yo`q qilishdan, turli tuhmatlar bilan qamoqqa tashlashdan toyishmaydi”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.

Huquq himoyachisi Yelena Urlayeva avval ham bir necha bor do’pposlab ketilgan. Biroq har safar bezorilar kimligi noma’lum qolgan.

Yelena Urlayevaga hujum yuzasidan surishtiruv tuman ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olingani ta`kidlanadi.

XS
SM
MD
LG