Pokiston AQShdan shartsiz madad kutmoqda


Pokistonga rahbarlarining AQSh demokrat senatori Jon Kerriga aytishicha, Vashington bu davlatga bermoqchi bo'lgan yordami evaziga shart qo'ymasligi lozim.

Prezident Barak Obamaning Afg'onistonda tinchlikka erishish bo'yicha strategiyasiga muvofiq Kongress kelasi 5 yil ichida Pokistonga jami 7 yarim milliard dollarlik yordam bermoqchi.

Kerri bu qonun loyihasini qo'llab-quvvatlamoqda. Janubiy osiyolik tahlilchilar nazarida Pokistonda ekstremistlar va Tolibon kuchayib borar ekan, rasmiy Islomobod ularga qarshi imkon qadar tez chora ko'rishi zarur.

Afg'oniston-Pokiston chegarasida jangarilar faolligi oshgan. Pokiston armiyasiga qarshi hujumlar odatiy holga aylangan. Yaqinda toliblar 10 ta yuk mashinasiga o't qo'ygan. Mintaqadagi beqarorlik Obama ma'muriyatini rasmiy Islomobodga milliardlab dollar berishga, Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirib, diplomatik harakatlarni kuchaytirishga majbur qilmoqda.

Pokistonning Vashingtondagi elchisi Husayn Haqqoniy so'zlariga qaraganda Qo'shma Shtatlar Pokiston va Afg'onistonga kelasi besh yil ichida 30 milliard dollarlik yordam berishi kerak.

"1950, 60- va 70-yillarda AQSh xato siyosati tufayli yordamini Pokiston jamiyati emas, armiyasiga bergan, uning salohiyatini kuchaytirgan", deydi Haqqoniy.

Obama ma'muriyati Pokistonga berayotgan yordamiga yarasha undan mas'uliyatli bo'lishni talab qilmoqda. Yaqinda Obamaning mintaqa bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk Pokistonda bo'lib, AQSh prezidentining ushbu talabini rasmiy Islomobodga yetkazgan.

"Bir-birimizni hurmat qilib, bir-birimizga ishonsakgina, hamkorligimiz samara beradi", degan Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy Xolbruk bilan uchrashuv chog'ida.

Qo'shma Shtatlar Pokistonga ishonmagani uchun ham mamlakat ichidagi jangari ob'yektlarini havodan o'qqa tutib keladi va islomiy guruhlarni azaldan qo'llab-quvvatlagan Pokiston razvedkasi faoliyatiga shubha bilan qaraydi. Pokiston esa AQSh hujumlaridan norozi.

Mamlakatning 4 viloyatidan 3 tasida faol jangarilar poytaxt Islomobodgacha yetib borish haqida gapirmoqda. Ba'zi tahlilchilar nazarida jangarilar Afg'onistondagi strategiyasini ishga solib, qishloq joylarda hokimiyatni qo'lga olmoqda.

"Markaziy hokimiyat tomonidan tayinlangan ma'murlar mahalliy xalq ehtiyojlarini qondira olmagani Tolibonga qo'l kelmoqda", - deydi siyosatshunos Shuja Navoz.

Yaqinda AQShning ikki senatori va Vashingtondagi bir necha tahlilchi tomonidan tayyorlangan hisobotga ko'ra, Pokiston davlatchiligi jar yoqasida turibdi.

Janubiy Osiyo masalalari bilan yaqindan tanish Liza Kurtis fikricha AQSh va Pokiston hamkorlikni kuchaytirmasa bo'lmaydi.

"Agar tomonlar buning muhimligini anglab yetmasa, mamlakatda beqarorlik avj olib, davlat boshqaruvi nazorat ostidan chiqib ketadi," deydi Kurtis.

Amerika va Pokiston rasmiylari so'nggi paytda jangarilarga qarshi kurashda ishonch o'ta muhim deb keladi.

Liza Kurtis nazarida Islomobod ichki siyosatini keskin o'zgartirib, jangarilarga qarshi kurashda o'zini haqiqiy hamkor sifatida ko'rsatishi lozim.

"Bu kabi muammolar bilan shug'ullanayotgan har bir AQSh rasmiysining xayolidan shu narsa o'tmoqda. Qo'shma Shtatlar Pokiston hukumati munosabatini o'zgartirib, uni bu terrorchilar Hindistonga emas, balki o'z ichki tuzumiga tahdid ekaniga ishontira oladimi? Va bunga qancha vaqt ketadi"? deya so'raydi Liza Kurtis.

Mutaxassislar fikricha Pokiston AQShdan uzoq muddatli yordam kutib qoladi. Terror xavfini Pokistonni taraqqiy ettirish orqali bartaraf qilish mumkin, deydi ular.

XS
SM
MD
LG