Obama iqtisod tiklanmoqda deydi


Prezident Barak Obamaning aytishicha, mamlakat tanazzuldan asta-sekin oyoqqa turmoqda, iqtisodiyot tiklanmoqda. Biroq savdo vazirligi chiqargan hisobotga ko'ra, chakana savdo bashorat etilganidan ham past darajaga tushgan.

Unda aytilishicha, mart oyida odamlar bir oy oldingiga qaraganda bir foiz kam xarid qilgan. Hisobot moliya bozoriga ham ta'sir qilib, Dou Jouns ko'rsatkichi 2 foizga tushgan.

Prezident Obamaning aytishicha, 2009 yil Amerika iqtisodiyoti va ayniqsa ishidan ayrilgan amerikaliklar uchun og'ir keladi.

"Ish yo'qotishlar, kreditni to'lay olmagani sabab uyidan ayrilish hollari davom etadi," deydi Obama.

Ammo noumid shayton, deydi prezident.

"Krizis boshlanganidan beri ilk bor umid uchqunlarini ko'ryapmiz," deydi u.

Iqtisodiyotni tiklash va yirik banklar ishini barqarorlashtirish maqsadida hukumat yanvar oyidan beri milliardlab dollar sarmoya kirita boshladi.

Ammo ba'zilar nazarida soliq to'lovchilar puli behuda sarflanmoqda. Markaziy Bank raisi Ben Bernankening aytishicha esa sarmoya samara berishni boshlagan.

"Iqtisodiyotning pastga qarab ketishi sekinlashgan. Buni turar-joy va avtomobil savdosi, uy qurilishlari, chakana bozor ko'rsatkichlariga qarab bilyapmiz. Bu - tiklanish yo'lidagi birinchi qadam," deydi Bernanke.

XS
SM
MD
LG