Gazetalar bugun bosma emas, elektron axborot vositasi


Amerika matbuoti moliyaviy jihatdan eng og'ir damlarni boshdan kechirmoqda.

Yaqinda AQShning yirik gazetalaridan biri "Chicago Sun Times" bankrot yoqasida ekanini e'lon qildi.

Internet asrida gazeta o'qiydiganlar kamayib borar ekan, reklamachilar e'tiborni yangi axborot vositalariga qaratmoqda.

Bosma matbuot o'z kelajagi ustida o'ylanib qolgan.

Chikago – siyosiy mashmashalar, qolaversa qalami o'tkir jurnalistlar makoni.

Prezident Barak Obama shu yerda oyoqqa turgan. Uning Oq Uyga saylanishi, shubhasiz, tarixiy burilish bo'ldi. Sal o'tmay Chikago joylasgan Illinoys shtati gubernatori Rod Blagoyevich Obamaning senatorlik o'rnini pullashga uringanlikda ayblandi.

Bu yerda yangilik qaynaydi, deydi matbuot xodimlari.

"Barcha qora ishlarni mana biz yoritamiz, ularning izidan tushamiz",- deydi "Chicago Tribune" gazetasi muharriri Jerald Kern.

Blagoyevichning qora ishlari fosh etgan bu gazeta uch million o'quvchisini o'z kelajagi mavhum ekani haqida ogohlantirmoqda.

"Gazetamiz xodimlari izquvar jurnalistlar. Biz izlanmay biror narsa chop etmaymiz. Odamlardan yashiradigan narsamiz yo'q. Gazetamiz murakkab ahvolda. Yaxshi daromad qilmayapmiz. Daromad harajatni qoplamayapti. Gazetamiz sifatini saqlab qolish uchun bizga sarmoya va reklamachilar kerak",- deydi Kern.

"Chicago Tribune" ketidan Sietl va Denverdagi katta gazetalar ham moliyaviy inqirozga uchraganini va endi, agar qurbi yetsa, faqat internetda chiqishini ma'lum qildi.

Bir necha kun oldin esa Chikagodagi yana bir nashr, bir million obunachiga ega "Sun-Times" gazetxonlarga "kunimiz sanoqli" deya ma'lum qildi.

Amerikada kundalik gazeta tiraji o'tgan o'n yillikda sakkiz foizga kamaygan. Yangi o'quvchilar asosan Internetdagi sahifalarga kiradi. Bu mushtariylar soni yil sayin o'sib bormoqda. Gazetalarning ko'rinishi, formati o'zgarib bormoqda.

Bu jarayon davom etishi aniq, deydi jurnalistika professori va keksa muxbir Mayk Smit. Amerikaning ishongan gazetalari axborotni odamlarga qay tarzda yetkazish va qanday qilib daromad olish haqida o'ylanmoqda. Gazetalar uchun sinov davri, deydi Mayk Smit.

"Bir necha yil oldin Amerikada gazetalar daromadbop bizneslar edi. Sifatli axborot bebaho mahsulot edi. Hozir ham shunday, lekin talab o'zgargan. Internet bu sohani ag'dar-to'ntar qilib yubordi. Gazetalar bugun qarzga botgan. Bugungi moliyaviy inqiroz vaziyatni yanada qiyinlashtirgan".

"Chicago Tribune" hamon nashrda, biroz daromad ham qilmoqda, lekin buning o'zi yetmayapti. Internetda chop etilish arzon emas.

"Gazetxonlar bu nashrlarni olib o'qiyapti, ammo bugungi talab va harajat orasida farq katta",- deydi Smit.

Amerika gazetalari uyushmasining bildirishicha reklamadan tushgan daromad miqdori bir yilda 17 foizga pasaygan. Bu esa gazetalarning internetda chiqishiga yo'l bermayapti.

Oven Yangmen Chikagoda jurnalistikadan dars beradi. Bir paytlar "Chicago Tribune" gazetasida ishlagan. Amerikaning ilk internet muxbirlaridan biri.

"Bugun har bir matbuot organi oldida turgan masala bu qanday qilib nashrning ham bosma, ham internet shaklini saqlab qolish. Shuningdek, o'ziga xos, har tomonlama foydali manba bo'lish",- deydi Yangmen.

Hozir Amerikada deyarli har bir gazeta elektron axborot vositasi. Redaksiya o'z radio, televideniye va internet tizimiga ega. Maqola va xabarlar har bir yo'nalish uchun alohida yoziladi, tayyorlanadi.

"Chicago Tribune"ning saytiga yiliga 35 million odam kiradi. Ular ham o'quvchi, ham tinglovchi, ham tomoshabin. Ularni saqlab qolish esa mushkul vazifa.

"Odamlarning diqqatini o'zimizga qaratish tobora qiyinlashmoqda. Axborot qanchalik boy va uni olish qanchalik oson bo'lsa, omma saytingizga albatta qaytib keladi",- deydi gazeta muharriri Jerald Kern.

Shu tariqa gazetxon degan tushuncha ham o'tmishda qolmoqda. Xabarlarni uyali telefonida olishni xohlaydiganlar ko'p. Gazetalar o'zini asrab qolish uchun omma nimani istasa shuni taklif qilishga majbur. Yangilik esa kutib turmaydi.

"Zamon va taraqqiyot shuni talab qilmoqda. Aks holda holingiz voy",- deydi Kern.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG