Breaking News

Bush davridagi qiynoqlarga doir hujjatlar oshkor etiladi


AQShda Bush davrida mahbuslarni so'roqqa tutishning keskin usullaridan foydalanishga ruxsat bergan ko'rsatmalar jamoatchilikka oshkor etiladi.

Hujjatlarga ko'ra, terrorizmda gumon qilingan mahbuslarni uyqudan ayirish, suvga cho'ktirish kabi usullarga ko'z yumilgan.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Markaziy Razvedka Boshqarmasining bu so'roq usullaridan foydalangan xodimlari javobgarlikka tortilmaydi.

"Biz xatolarni tuzatmoqchimiz, jazolash niyatimiz yo'q", deydi prezident.

Obama mahbuslarni qiynoqqa solishga chek qo'yishni va'da qilgan.

"Bunday usullar mamlakat xavfsizligini ta'minlashga yordam bermaydi. Aksincha AQSh mavqeiga putur yetkazadi",- deydi Obama.

2002-2005 yillar o'rtasida Bush ma'muriyati terrorizmda ayblanib maxsus qamoqxonalarda saqlanayotgan mahbuslarni qo'pol so'roq qilish qonunga xilof emas deya huquqiy xulosa chiqargan. Jumladan mahbuslarni yalang'och holda ushlab turish, ularni devorga urish va boshqa usullar.

Markaziy Razvedka Boshqarmasiga Bush davruda rahbarlik qilgan Maykl Xeydenning aytishicha, so'roq usullari haqidagi hujjatlarni jamoatchilikka ayon etmaslik kerak.

Aks holda, deydi u, bu metodlar mabodo kelajakda yana qo'llanilishi lozim bo'lsa, terrorchilar ulardan boxabar bo'ladi.

Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, Oq uy xulosalariga tayangan holda ish tutgan agentlar javobgarlikka tortilmaydi. "Chunki ular yuqoridan kelgan buyruqqa asoslangan", deydi Xolder.

Inson huquqlari tashkilotlari Obama qarorini olqishlamoqda. Ammo, deydi ulardan birining rahbari Aleks Abdou, bu kabi ishlar kelajakda takrorlanmasligi kerak.

"Bunday hollarni taftish qiluvchi maxsus qo'mita tuzilishi va tergov bilan shug'ullanuvchi maxsus mustaqil prokuror tayinlanishi lozim," deydi faol.

Qiynoqlarga ruxsat bergan rasmiylar javobgarlikka tortiladimi, yo'qmi, Obama ma'muriyati bu borada biror narsa demagan.

XS
SM
MD
LG