Rossiya prezidenti nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikka chaqirmoqda


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirib, fuqarolik jamiyati har bir davlatda muhim rol o'ynaydi degan. Medvedev bu haqda yaqinda tashkil etilgan Inson huquqlari kengashi a'zolari bilan uchrashuv chog'ida so'zlagan.

Prezident Medvedev hukumat va fuqarolik jamiyati o'rtasida ishonchni kuchaytirmasdan turib iqtisodiy inqirozdan chiqib bo'lmaydi deb aytgan.

"Bunday hamkorlikka ehtiyoj bor. Nohukumat tashkilotlar ta'lim, tarbiya, sog'liqni saqlash sohalarida hukumatga yordam qo'lini cho'zishi zarur," deydi Rossiya prezidenti.

Medvedevning tan olishicha, nodavlat tashkilotlar faoliyati ko'p hollarda sababsiz cheklanmoqda. Buning ortida ularni o'z mavqeiga tahdid sifatida ko'rayotgan ba'zi mutasaddilar turibdi, deydi mamlakat rahbari.

Prezident qoshidagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish kengashi raisasi Ella Pamfilova davlat xavfsizlik idoralarini huquq faollari va muxolifatga qarshi ta'qiblarni to'xtatishga chaqirgan.

Uning aytishicha, bolalarning jinsiy zo'rlanishi, bolalar pornografiyasi, inson, qurol va qoradori savdosi kabi davlat xavfsizligiga rahna solayotgan jinoyatlarni fosh etishda huquq faollari xavfsizlik kuchlarining eng yaxshi hamkori bo'lishi mumkin.

"Qonunchilar dissident, huquq faollari va o'z pozitsiyasini himoya qilayotgan boshqa guruhlarga qarshi kurashish o'rniga diqqatni tilga olingan muammolarga qaratish kerak kerak," deydi Pamfilova.

Yaqinda Medvedev Kremlning ashaddiy tanqidchilaridan bo'lmish "Novaya gazeta" nashriyotiga intervyu berdi. Bu uning prezident bo'lganidan beri mahalliy gazetaga ilk intervyusi bo'ldi.

Huquq faoli Lev Ponomarev Medvedevning nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish haqidagi gaplariga shubha bilan qaramoqda. Yaqinda faoliyati tufayli hujumga uchrab, kasalxonada yotib chiqqan Ponomarevning aytishicha, prezident militsiya huquq faollarini ta'qib etayotganini tan olib, bunday amaliyotni to'xtatishi lozim.

"Hukumatda erkinlik va demokratiya g'oyasiga qarshi odamlar kam emas, ammo prezident ta'qiblarni to'xtatishga ko'rsatma bersa, uning liberal siyosatini yoqlovchi odamlar soni ko'payadi," deydi Ponomarev.

2006 yili nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklovchi va huquq tashkilotlari tomonidan ko'p tanqid qilingan qonun qabul qilinib, sobiq prezident, ayni damda Bosh vazir Vladimir Putin tomonidan imzolangan edi.

XS
SM
MD
LG