Breaking News

Tahlilchilar Amerika kelajagi xususida ijobiy fikrda


Yarim asrdan buyon dunyo bo’ylab jamoatchilik fikrini o’rganib kelayotgan olim Jon Zogbining tahlil qilishicha bugungi krizisga qaramasdan, kelajak porloq.

Xalqaro tadqiqot markazi rahbari fikricha insoniyat o’zi uchun ulkan imkoniyatlar kashf etmoqda.

Jon Zogbi xususan Amerikadagi siyosiy-ijtimoiy va demografik o’zgarishlarga nazar tashlar ekan, mamlakat kelajagini Ikkinchi Jahon urushi va hatto Sovuq urushdan keyingi avlod vakillari, 18-29 yosh oralig’idagi yoshlar belgilaydi deydi.

“Ular Amerikaning ilk global fuqarolari”, - deydi olim. “Dunyo kezgan, global miqyosda fikrlovchi, o’zga xalq va madaniyatlarni bilishga chanqoq, kelajak egalari bo’lgan bu yoshlar AQSh muvozanatli tashqi siyosat olib borishini, harbiy yurishlardan voz kechishini istaydi. Amerika obro’sini tiklash sa’y-harakatlarida ularning hissasi katta”.

U boshchilik qilgan izlanish natijalariga ko’ra, 40 yoshgacha bo’lgan amerikaliklarning aksariyati bu jamiyatni ikkiga bo’lgan munozarali mavzularga progressiv ruhda yondashadi. Deylik, abort qilish huquqi, negiz hujayra tadqiqotini kengaytirish hamda bir jinsga mansub odamlarning oila qurishiga qarshi emas.

Jon Zogbining aytishicha, “ko’p jihatdan yoshlar ovozi bilan hal bo’lgan so’nggi prezident saylovlari xalqning siyosiy va madaniy tafovutlarni yengib, mamlakatni birlashtirishga bo’lgan orzu-istaklari ifodasidir”.

Shuningdek, uning kuzatishicha, tarixan dindor mamlakat bo’lgan Qo’shma Shtatlarda konservativ qarashdagi guruhlar, Respublikachilar partiyasining asosini tashkil etuvchi yevangelchi nasroniylar nufuzi tushib bormoqda. Siyosiy maydonda katta kuchga ega bo’lgan bu guruh sobiq prezident Jorj Bushning ikki muhlatga saylanishida hal qiluvchi rol o’ynagan.

Olim Jon Zogbi fikricha bugungi iqtisodiy inqiroz odamlarni ahillikka, olijanob maqsadlarga yetaklaydi.

“Bugungi kunda Amerikada iste’molchilik madaniyati orqaga chekinib, global fuqarolik hissi, ya’ni xalqaro ahvoldan xabardorlik kuchaygan. Kelajakda Darfur kabi olovli nuqtalarga e’tibor oshadi”.

Fuqarolarning dunyoqarashi, tafakkur doirasi kengayishida internet, yangi kommunikatsiya vositalari va texnologiya muhim rol o’ynamoqda.

XS
SM
MD
LG