Qo'shma Shtatlar Pokistondagi vaziyatdan xavotirda


AQShning Afg'onistondagi qo'mondonligiga ko'ra, bugun koalitsiya kuchlari ikki jangarini o'ldirib, uch nafarini qo'lga olgan. General-mayor Maykl Takerning aytishicha, AQSh va NATO kuchlari mamlakat sharqida katta yutuqlarga erishib, diqqatni endilikda janubga qaratmoqchi.

Qo'shni Pokistonda esa Tolibon o'z ta'sirini yoyishga harakat qilar ekan, rasmiy Islomobod shimoli-g'arbdagi Buner tumaniga bir necha yuz askar safarbar etgan. Qurollangan jangarilar tumanga Malakanddan kirib, nazorat punktlari o'rnatgan. Jangarilarning poytaxt Islomoboddan atigi 100 kilometr narida faollashgani Qo'shma Shtatlarni ham tashvishga solmoqda.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Pokiston hukumatini tashabbus va nazoratni qo'ldan boy berib, Tolibon talablariga yon berayotganlikda ayblagan. Pokistonda tuzum qulasa, global xavfsizlikka tahdid bo'ladi, deydi u.

Klintonning aytishicha, prezident Osif Ali Zardari Tolibon va al Qoidaga borgan sari ko'p hududlarni boy bermoqda.

"Yadro quroliga ega Pokistondagi hokimiyatni ag'darishga intilayotgan bir guruh terrorchilarning Islomobodga yaqinlashib qolgani xavotirga molik hol," deydi Xillari Klinton.

Pokiston hukumati bilan hamkorlikni susaytirmaslik zarur, deydi davlat kotibi. Ma'lumki, Qo'shma Shtatlar kelasi 5 yil ichida Pokistonga jami 7,5 milliard dollarlik yordam bermoqchi. Yaqinda Tokioda o'tgan donorlar anjumanida ham qator davlatlar 5,5 milliard dollar berishga rozi bo'lgan.

Pul xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiyotni ko'tarish, aholining oddiy ehtiyojlarini qoplash, kasalxona, maktab va yo'llar qurish uchun ajratilgan.

AQShning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondonlaridan general-mayor Maykl Takerning aytishicha, Pokiston hukumati Afg'oniston chegarasi yaqinida yashiringan jangarilarga qarshi yetarlicha harakat qilmayapti.

"Pokiston Hindiston bilan chegarasidan qo'shinlarni olib afg'on chegarasi tomon safarbar qilsa foydaliroq bo'lar edi," deydi general.

XS
SM
MD
LG