Turkiya va Armaniston aloqalarni tiklamoqda


Turkiya Armaniston bilan chegarani ochishi mumkinligiga ishora qilar ekan, kuzatuvchilar ikki davlat tarixiy voqea bo'sag'asida ekanini aytmoqda. Sovet Ittifoqi qulagach, Turkiya Armanistonni mustaqil davlat sifatida tan olgan bo'lsada, rasmiy diplomatik aloqalar o'rnatmagan.

20-asr boshida Birinchi jahon urushi davrida Usmoniylar imperiyasi qulayotgan payt mamlakat fuqarolari bo'lmish ko'p armanlar nobud bo'lgan. Armaniston imperiya boshida turgan turklar 1-1,5 million armanni ataylab qirgan deb, voqeani genotsid deb ataydi. Turkiya esa armanlar imperiya dushmani - Rossiya bilan turklarga qarshi urushib xoinlik qilgan, odamlar atayin emas, tabiiy ravishda - ochlik, imperiyadan ko'chirilayotgan payt yo'l azoblaridan va fuqarolik urushida o'lgan deydi. Turklar orasida ham ko'p qurbonlar bo'lgan, deydi rasmiy Anqara.

Shu paytgacha 21 davlat 1915 yil voqealarini genotsid deb tan olgan, ammo Turkiyani muhim hamkorlardan biri deb ko'ruvchi Qo'shma Shtatlar bunday qaror qabul qilmagan. Barak Obama saylov kampaniyasi davrida prezident sifatida genotsidni tan olishini aytgan. Yaqinda Turkiyaga tashrifi chog'ida Obama rasmiy Anqarani Armaniston bilan aloqalarni yaxshilashga chaqirgan.

Kongressdagi demokratlar anchadan beri genotsidni tan oluvchi qonunni qabul qilishga harakat qilgan, biroq Turkiyaday strategik hamkorni yo'qotishni istamagan sobiq prezident Jorj Bush bunga qarshilik ko'rsatgan. Hozir ham prezidentlik, ham Kongress demokratlar qo'lida ekan, ayrim tahlilchilar nazarida xavotirga tushgan Turkiya AQShga genotsidni tan olmaslik evaziga Armaniston bilan chegarani ochishni taklif etgan.

Turkiya Armaniston bilan chegarasini 1993 yili Tog'li Qorabog'dagi urush tufayli yopgan. Ozarbayjon va turk xalqlari bir-biriga "bir millat, ikki davlat" sifatida qaraydi. Ozarbayjon bilan qardosh aloqalar Turkiyani Armaniston bilan chegarani yopib, savdo embargosini joriy etishga majbur qilgan. Urush tugaganiga qaramay, Ozarbayjon hududining 20 foizi hamon Armaniston qo'lida. Turkiya aloqalarni tiklash evaziga rasmiy Yerevanga Ozarbayjon yerlarini tark etishni taklif qilgan, ammo samarasiz.

Chegara yopiqligi armanlarning Turkiyaga borishiga to'siq bo'lgani yo'q. Yevropa Ittifoqiga intilayotgan va iqtisodiy tomondan ancha rivojlangan Turkiyada 70 mingga yaqin arman bor.

Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalariga javob beruvchi vaziri Ergemen Bagishning aytishicha, armanlarning aksariyati Turkiyaga ishlash uchun keladi.

"Armaniston aholisining 15 foizi ishchi migrantlar yuborayotgan pul hisobiga kun kechiradi," deydi vazir.

Yerevanlik 19 yoshli Anna ana shular jumlasidan. U Istanbulda turk oilasida enagalik qiladi.

"Turkiyada yaxshi pul ishlash mumkin. Armanistonda ish yo'q, bo'lsa ham, maosh kam. Armaniston iqtisodiyoti mo'rt. Turkiyada yashash menga yoqadi," deydi u turk tilida.

Turkiya-Armaniston aloqalarida o'tgan yil kuzidan beri jonlanish kuzatiladi. Ikki mamlakatning futbol bo'yicha terma jamoalari Yerevanda bir-biriga qarshi maydonga tushganida, matchni tomosha qilgani Turkiya prezidenti Abdulla Gul borgan. Shundan so'ng tomonlar bir necha bor muloqot qilib, chegarani ochish va iqtisodiy embargoni bekor qilish masalasini muhokama qilgan.

Sarop ismli turkiyalik armanning aytishicha, aloqalarni yaxshilash genotsidni tan olishdan muhimroqdir.

Armaniston bilan aloqalar tiklansa, Turkiya-Ozarbayjon munosabatlari salbiy tus olishi mumkin. Bu har ikki davlat uchun juda ham nozik masala. Chunki Turkiyada Ozarbayjonga xayrixoh odamlar ko'p. Mavzu bo'yicha qizg'in munozaralarni Turkiya televideniyesida ko'rish mumkin.

Hukumat ikki o't o'rtasida qolgan. Bir tomondan, AQSh va G'arb Armaniston bilan aloqalarni yaxshilashga chaqirib, "genotsid" masalasi orqali bosim qo'ymoqda, boshqa tomondan esa mahalliy matbuot va ba'zi siyosatchilar hukumatni Ozarbayjonga nisbatan xiyonatda ayblamoqda.

Turkiyalik siyosatshunos Nuray Mertning aytishicha, muxolifat masaladan unumli foydalanmoqda.

"Ozarbayjon-Armaniston munozarasi hal etilmay turib, qanday qilib Armaniston bilan aloqalarni yaxshilash va ozarbayjonlik qardoshlardan yuz o'girish mumkin," deydi Nuray Mert muxolifat da'volarini keltirar ekan.

Ozarbayjon ham rasmiy Istanbul siyosatidan noroziligini bildirib, Yevropa uchun mo'ljallangan tabiiy gazini Turkiya emas, Rossiya quvurlari orqali o'tkazishga qaror qilib, Gazprom bilan shu oy bitim tuzgan.

Turkiya tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilashga kelishib olingan. Yopiq eshiklar ortida Shveysariya vositachiligida o'tgan muzokaralarda erishilgan kelishuv tafsilotlari hozircha aniq emas. Vazirlikka ko'ra, har ikki tomon kelishuvdan qoniqish hosil qilgan.

XS
SM
MD
LG