Vashingtonda global moliyaviy inqiroz muhokama qilinmoqda


20 dan ortiq davlat moliya vazirlari kelasi uch kun davomida Vashingtonda to'planib, global moliyaviy inqirozdan chiqish va Katta Yigirmalik qabul qilgan qarorlarni tadbiq etish yo'llarini muhokama qiladi.

Yig'ilish Jahon banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi homiyligida o'tmoqda. Jamg'arma rahbari muovini Jon Lipskining aytishicha, inqiroz yana bir necha oy davom etishi mumkin.

"Ikkinchi jahon urushidan beri ilk bor jahon iqtisodiyoti tez sur'atlarda qisqarib bormoqda," deydi u.

Aprel oyida Londondagi sammitda sanoatlashgan 20 davlat rahbarlari vaziyatni nazorat ostiga olishga kelishib, rivojlanayotgan davlatlarga yordam berish maqsadida jamg'armaga katta miqdorda pul o'tkazishga va savdo cheklovlarini joriy etmaslikka va'da bergan edi.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi mutaxassisi Marek Belkaning aytishicha, AQSh bank tizimini to'planib qolgan qarzlardan qutqarishga harakat qilayotgan bir paytda Yevropa bu ishga sust yondashmoqda.

"Yevropa moliyaviy ishonchni tiklashi lozim," deydi u.

AQSh Moliya vaziri Timoti Geytnerning aytishicha, moliyaviy inqiroz kelasi bir necha oy davomida bo'ladigan anjuman va uchrashuvlarda asosiy mavzu bo'lib qoladi.

"Qanday choralar ko'ryapmiz? Ular yetarlimi? Kelajakda bunday holatning oldini olish uchun tizimni kuchaytirish maqsadida qanday islohotlarni amalga oshiryapmiz? Mana shu savollar har bir uchrashuvda o'rtaga tashlanadi," deydi Geytner.

Jahon banki bosh iqtisodchisi Jastin Linning aytishicha, inqiroz tufayli jahon bo'ylab 90 million odam qashshoqlashadi.

"Bir yil oldin oziq-ovqat va yonilg'i narxlarining ko'tarilgani ham deyarli 100 millionga yaqin kishi hayotini og'irlashtirdi," deydi u.

XS
SM
MD
LG