Obamaning 100 kunlik tashqi siyosati muhokamada


Mutaxassislar fikricha, prezident Barak Obama 100 kunlik prezidentligi davomida AQSh tashqi siyosatida sezilarli o'zgarishlarga erishdi, xususan mamlakat obro'sining xalqaro sahnada asta-sekin ko'tarilishiga turtki berdi.

Barak Obama inauguratsiyadan ancha oldin partiyaviy saylovlardagi raqibi Xillari Klintonni davlat kotibi lavozimiga tanlab tashqi siyosatdagi ilk yirik qadamini tashlagan.

"Amerika xalqi mening tashqi siyosatdagi qobiliyatim va bilimimga shubha qilmasligi kerak. Diplomatik inqiroz paytida qanday ish tutish kerakligini yaxshi bilaman," degan edi o'shanda Klinton.

Saylovlarda ikki siyosatchi bir-biriga qarshi ko'p gap aytgan bo'lsada, Obama demokratlardan yagona nomzod etib saylangach, Klinton tafovutlarni chetga surib Obama kampaniyasida faol rol o'ynadi.

Obama munosib rahbar bo'la olishiga ishonaman, degan edi Klinton kampaniya vaqtida.

"Lozim bo'lganda kuch ishlatishga ikkilanmaydigan, imkoniyat tug'ilganda esa diplomatiyadan voz kechmaydigan oliy qo'mondon bo'la olishiga ishonaman," deydi Klinton Obama haqida.

Obama ma'muriyati tashqi siyosatda ancha bosiqroq bo'ladi, degan Xillari Klinton Senat tomonidan davlat kotibi lavozimiga tasdiqlanar ekan.

"Diplomatik, iqtisodiy, siyosiy, harbiy, huquqiy va madaniy vositalarni o'z ichiga olgan siyosatni ishga solishimiz kerak," deydi u.

Bush ma'muriyatidan farqli o'laroq, Obama ikki tajribali mutaxassisni muhim masalalar bo'yicha maxsus vakil etib tayinladi. Taniqli diplomat Richard Xolbrukni Pokiston va Afg'oniston bo'yicha, sobiq senator Jorj Mitchellni esa Yaqin Sharq bo'yicha.

"Vazifamning oson emasligini yaxshi tushunaman. Mintaqada vaziyat qaltis, murakkab va xavfli," deydi Mitchell.

Shimoliy Koreya va uning yadro dasturi bilan endi tajribali diplomat Stiven Bosvort shug'ullanadi.

Janubiy Koreyada uni iliq kutib olishgan, ammo rasmiy Pxenyan Bosvort bilan uchrashishga shoshilmayapti. Aksincha Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyat talabiga parvo qilmay uzoq masofali raketani sinab, yadro dasturi borasidagi muzokaralardan chiqdi.

Amerika qit'asi sammitida Venesuela prezidenti Ugo Chavez qo'lini siqqan hamda Eron va Kubaga muloqotni taklif etgan Obama respublikachilar tanqidiga uchradi.

Kongressmen Konni Makning aytishicha, Kuba yoki Chavez bu bilan o'zgarib qolmaydi.

"1960 yillardagi Kuba inqirozi kabi Eron AQSh manfaatlariga qarshi harakat qilish maqsadida Venesueladan foydalanishi mumkin," deydi respublikachi qonunchi.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti professori Daniel Gamilton Obama AQShni jahonda yana ishonchli hamkorga aylantirmoqda deydi.

"Prezidentligining ilk 100 kunida Obama AQShni raqibi fikriga qo'shilmasada, u bilan muloqotga tayyor davlat qilib ko'rsatmoqda," deydi Gamilton.

Obamaning Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni yaxshilashga intilishi ham tahlilchilar tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda.

Vashingtondagi Brukingz tahlil instituti xodimi Maykl O'Xanlonning aytishicha, Obama siyosatining natijasini ko'rishga hali erta.

"Xulosa chiqarishga shoshilmagan bo'lardim. Avval birorta muammo hal bo'lsin, olqishlash qochib ketmas," deydi u.

Daniel Gamilton ham Obamaga baho qo'yishga hali bor deydi. Kamida bir yarim yil o'tsin, so'ng xulosa qilamiz, deydi u.

XS
SM
MD
LG