Cho'chqa grippi pandemiyaga yetaklashi mumkin


AQShda cho’chqa grippidan ilk o’lim holati qayd etilgan. Shifokorlarning aytishicha, Meksika bilan chegaradosh Texas shtatida 2 yoshli go’dak kasallikdan jon bergan.

Prezident Barak Obama xalqni ogohlikka chaqirar ekan, vaziyat jiddiylashsa o’quv maskanlari, maktablarni vaqtincha yopishga to’g’ri keladi demoqda. Kongressdan 1,5 milliard dollar ajratish so’ralgan.

Cho’chqa grippi dunyo bo’ylab tezlikda tarqalar ekan, epidemiyaga aylanish ehtimoli bor. Kasallik hollari AQSh va Meksikadan tashqari yana to’rt mamlakatda – Kanada, Britaniya, Ispaniya, Isroil va Yangi Zelandiyada aniqlangan. Amerikada hozircha virus alomatlari 5 shtatda, 65 kishida topilgan. Aksariyati Kaliforniya shtatida.

AQSh Kasalliklarni oldini olish markazi rahbari Richard Besser so’zlariga ko’ra kuchli choralarga qaramasdan, bemorlar soni oshmoqda. “Afsuski, o’lim hollari ko’payishi hozirdan ayon”, - deydi shifokor.

Kasallik o’chog’i Meksikada cho’chqa grippi qariyb 160 kishini hayotdan olib ketgan. Tekshiruv ishlari davom etarkan, 1300 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Bu mamlakatda bo’lib qaytgan sayyoh va o’quvchilar alohida nazorat ostida.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti bugun ilm ahlini bir davraga to’plab, virusning tarqalish xususiyatlari, uni tashuvchi omillar hamda vaksina zaruriyatini muhokama qilyapti.

Farmasevtika kompaniyalari cho’chqa grippiga qarshi dori ishlab ustida allaqachon ish boshlagan, lekin vaksina qachon tayyor bo’lishi noma’lum. Tadqiqotchi Entoni Fauchining aytishicha, virusni tashuvchilar asosan Meksikadan qaytdan sayyohlar, biroq odamdan odamga juda tez o’tadi.

“Cho’chqa grippining H5N1 ko’rinishi yuqumli kasallik bo’lib, genetik tarkibida cho’chqa, parranda ham oddiy gripp xususiyatlari bor. Uchalasini qo’shganda, yangi bir virus kelib chiqadi”, - deydi Fauchi.

“Hech kim bu virusdan immunitetga ega emas”, - deydi biolog Endryu Pekoz. “Olimlar uning molekulyar tarkibini chuqur o’rganishga kirishgan. Shunisi ma’lumki, uning og’ir simptomli ko’rinishi o’limga sabab bo’lishi mumkin”.

O’zbekiston Sog’liqni Saqlash vazirligi cho’chqa grippi tarqalishini oldini olish dasturi ishlab chiqilganini e’lon qilmoqda. Vazir muovini Baxtiyor Niyozmatovning aytishicha, tibbiy xizmatchilar maxsus tayyorgarlikdan o’tkazilgan. Infeksion kasalxonalarda bemorlar uchun joy ajratilgan. Chegara-nazorat punktlari, aeroport va temir yo’l bekatlarida nazorat kuchaytirilgan.

Shifokorlar kasallikdan saqlanish uchun oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni tavsiya etadi. Qo’lni tez-tez yuvib turish, aksirganda og’iz-burunni yopish, odam gavjum joylardan uzoqroq yurishda shular jumlasidan.

Ular shuningdek gripp cho’chqa go’shtidan tayyorlangan taomlardan o’tmasligini eslatmoqda. Agar mahsulot yaxshilab pishirilgan bo’lsa. Shunga qaramasdan, qator mamlakatlar cho’chqa go’shti importini cheklashga kirishgan.

XS
SM
MD
LG