Gripp va muhojirlar: o'zbekistonlik mutaxassis bilan suhbat


Amerika qo'shni Meksikadan chiqib, hozir uning hududida ham tarqalayotgan cho'chqa grippiga qarshi chora ko'rar ekan, diqqat chegaradagi shtatlar, xususan Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksika va Texasda.

O'zbekistonlik muhandis, qishloq xo'jaligi va irrigatsiyasi sohasi egasi Asqar Karimov Texas shtat hokimiyatida ishlaydi. Bugun bu mintaqada hukmron vaziyat bilan yaqindan tanish. "Amerika Ovozi" bu yosh mutaxassis bilan suhbatda bo'ldi.

"Amerika Ovozi": Asqar, Amerikaning yirik va qishloq xo'jaligiga asoslangan bir shtatidasiz. Cho'chqa grippidan Texasda ikki yoshli go'dak olamdan o'tgani ma'lum. Aholi bu epidemiyadan qanchalik xavotirda?

Asqar Karimov: Bu ikki yashar bola Meksikadan Texasning Brounsvill (Brownsville) shahriga shu hafta kelgan ekan. Brounsvill shahri men turgan va mehnat qiladigan joyga yaqin, taxminan 30 kilometr narida. Meksikaning Matamoras degan shtati bilan chegaradosh. Hamma xavotirda, albatta. Mening ham farzandlarimdan biri maktabga boradi. Maktab, jamoatchilik, ishxonalarda ham kasallikning oldini olish uchun targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilayapti.

"Amerika Ovozi": Amerika hukumati favqulodda tibbiy holat e'lon qilgan. Grippga qarshi dorilar tarqatilmoqda, maxsus muolajaa markazlari ochilgan. Oddiy odamlar kasallik haqida, qo'shni Meksikada vaziyat qandayligi haqida yaxshi bilishadimi, sizningcha?

Asqar Karimov: Biz yashaydigan joy chegara bo'lgani uchun ko'pchilik ispan tilida gaplashishadi. Ko'pchilikning, jumladan mening hamkasblarimning ham Meksikada oilasi yoki qarindosh-urug'i bor. Shu bois aksariyat odamlar u yerdagi ahvol haqida yaxshi bilishadi. Mahalliy televideniye va radiolarda bu kasallik haqida tinimsiz ma'lumot berilayapti. Chegaradan kirishda har bir kishi tekshiruvdan o'tkazilayapti. Xoh Meksika fuqarosi bo'lsin, xoh boshqa… Kim bo'lishidan qat'iy nazar Amerikaga kirganda tekshirilayapti.

"Amerika Ovozi": Kasallik tufayli global maydonda bu hayvon va uning go'shtiga nisbatan munosabat o'zgargandek… Qishloq xo'jaligi sohasida ishlaysiz. Amerikaning go'sht manbai sanalgan Texasda, bilamizki, cho'chqa fermalari ko'p. Chorvadorlar qanday choralar ko'rmoqda?

Asqar Karimov: Texasda hozircha hech narsa o'zgarmagan. Cho'chqa go'shti iste'moli borasida hali hech qanday cheklovlar qo'yilmagan. Kasallik aynan shu go'shtdan chiqqan degan xulosaga hali kelingani yo'q. Balki shunday bir xulosaga kelinar, lekin hozircha unday axborot yo'q.

"Amerika Ovozi": Texasda o'zbeklar, o'zbekistonlik muhojirlar ko'pmi? Asosan qayerda va qanday jabhalarda ishlashadi?

Asqar Karimov: Biz yashaydigan joyda yo'q, lekin ayrim universitetlarda talabalar, o'qituvchilar bor. Malaka oshirayotgan o'zbekistonliklarni ko'rasiz. Texas shtatida ancha muncha o'zbeklar bor. Mana bizda Texas A & M Universiteti bor, qishloq xo'jalik universiteti. Bizga yaqin bo'lgan o'zbeklar asosan o'sha yerda. Muloqotda bo'lib turamiz, muntazam ravishda.

"Amerika Ovozi": Eshitishimizcha siz ham yaqinda shu universitetda doktorlik darajasi ustida ishlashni boshlar ekansiz. Tabriklaymiz.

Asqar Karimov: Katta rahmat.

"Amerika Ovozi": Sizga ham rahmat. Omon bo'ling.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG