Al-Qoida Amerika xavfsizligi uchun hamon jiddiy tahdid


AQSh Davlat departamentining terrorizm bo’yicha yangi hisobotiga ko’ra, al-Qoida hamon Amerikaga tahdid solmoqda. Hujjatda aytilishicha, o’tgan yili Pokistonda xurujlar ikki karra oshgan.

“Al-Qoida Pokistonda terrorchilarni tayyorgarlikdan o’tkazib, G’arbga qarshi yangi xurujlar rejalamoqda va Afg’onistonga jangarilarni yo’llamoqda. Toliblar poytaxt Islomoboddan 100 kilometr narida faollashar ekan, Qo’shma Shtatlar vaziyatdan tobora tashvishda”, - deyiladi hisobotda.

Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurash idorasi rahbari Ronald Shlixerning aytishicha tahdid kuchayib boryapti. “AQSh va xalqaro hamkorlar muammoni hal qilish yo’lini topishi, Pokiston hukumatiga xavfsizlikni yaxshilashda yordam berishi zarur”.

Jahon bo’ylab terror xuruji qurbonlari o’tgan yili 30 foizga kamaygani ta’kidlanadi. Bu Iroqda al-Qoidaga aloqador guruhlarning yengilishi va mamlakatni tark etishi bilan bog’liq.

“Al-Qoidaning Iroq va Pokistondagi rahbarlari yo’q qilindi, yetakchilari qochishga va yashirinishga majbur bo’ldi. Qator davlatlar aksil-terror qonunlari qabul qilgan”, -deydi Ronald Shlixer.

Hisobotda Eron terrorizm homiysi deya tilga olingan. Mintaqada o’z manfaatlarini olg’a surib, Iroqda xavfsizlik kuchlari va fuqarolarni nishonga olayotgan guruhlarni qurol-yarog’ va portlovchi moddalar bilan ta’minlayotgani aytiladi.

Terror guruhlari o’z mafkurasini yoyishda ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanmoqda. AQSh chora ko’rishi lozim, deydi Shlixer.

“Biz harakatlari markazdan boshqarilmaydigan, har bir muhitga tez moslashuvchi, targ’ibotning ilg’or usullaridan foydalanuvchi dushmanga qarshi kurashyapmiz. Internet ularning asosiy propaganda quroli”.

Davlat departamenti hisobotida yozilishicha, O’zbekiston hukumati terrorizmga qarshi choralarni kuchaytirgan. Ammo qashshoqlik ortib borishi hamda dindorlarga qarshi repressiv siyosat ekstremizmning kelib chiqishi uchun muhit yaratmoqda.

XS
SM
MD
LG