Hamid Karzay ikkinchi muddatga saylanmoqchi


20 avgust kuni Afg'onistonda prezident saylovlari bo'lib o'tadi. Kecha mamlakat rahbari Hamid Karzay nomzod sifatida ro'yxatdan o'tgan. Hukumatda korrupsiya kuchli ildiz otgani va toliblar jonlangani Karzay obro'siga putur yetkazayotgan bo'lsada, uni mag'lub etishga qodir nomzod siyosiy sahnada hozircha ko'rinmayapti.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, Hamid Karzay saylovlarda vitse-prezidentlikka nomzodlar sifatida tojik millatiga mansub dala qo'mondoni Muhammad Qosim Fahim va hazaralar yetakchisi Karim Xaliliyni tanlagan. Xaliliy hozir ham Karzayning ikkinchi vitse-prezidenti. Birinchi vitse-prezident, Shimoliy Alyans kuchlari marhum qo'mondoni Ahmad Shoh Masudning ukasi, Ahmad Ziyo Masudni esa Karzay saylovlarda o'ziga sherik qilib olmagan.

Xabarlarga ko'ra, Masud Nangahor viloyati hokimi Gul Og'a Sherzoy kampaniyasida ishtirok etishini bildirgan edi, ammo Karzay bilan 4 soatlik uchrashuvdan so'ng Sherzoy saylovlarda ishtirok etmasligini aytgan. Sherzoy hokimlikdan ham ketmoqchi bo'lgan, biroq Karzay uning iste'fosini qabul qilmagan.

"Vashington Post" saylovlarda sobiq tashqi ishlar vaziri, tojik millatiga mansub Abdulla Abdulla ham o'z nomzodini qo'yishini aytmoqda. Da'vogarlar shu jumagacha ro'yxatdan o'tishlari kerak.

Prezident Karzay saylov komissiyasiga hujjatlarini topshirar ekan, afg'on xalqi farovonligi va manfaatlariga xizmat qilish maqsadida nomzodini qayta qo'yganini aytgan.

Chorshanba kuni Karzay Vashingtonda Barak Obama va Pokiston rahbari Osif Ali Zardari bilan uchrashadi.

BMTning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Kay Eyd muxolifatni saylovlarda faol ishtirok etishga da'vat etmoqda.

"Saylovlar tomonlarning murosa qilish uchun eng yaxshi vositadir. Jang maydonida olishgandan ko'ra, raqiblar saylov uchastkalarida musobaqalashgani afzalroq," deydi BMT rasmiysi.

Nangahor viloyat hokimi Gul Og'a Sherzoyning poygadan chiqishi Karzay imkoniyatlarini kuchaytirmoqda, chunki Tolibonga qarshi kurashib nom qozongan sobiq dala qo'mondoni Sherzoy mamlakatga yangi kuchli rahbar kerak deb, bir oy burun prezident Karzayni tanqid qilgan, uning siyosiy obro'si va kuchi tushib ketdi deya, o'z nomzodini qo'ymoqchi edi, biroq Karzay bilan suhbatdan so'ng fikrini o'zgartirgan. Ikki arbob o'rtasidagi suhbat tafsilotlari ma'lum emas, deya xabar qiladi "Nyu-York Tayms" gazetasi.

Karzay ham, Sherzoy ham Afg'onistondagi ko'p sonli pashtunlar vakillari. Yana bir necha pashtun siyosatchi - sobiq moliya vazirlari Anvar al-Haq Ahadiy va Ashraf G'ani ham saylovlarda ishtirok etishi kutilmoqda. Bundan tashqari ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, AQShning Iroq, Afg'oniston va BMTdagi sobiq elchisi Zalmay Xalilzod va Amerika ovozining sobiq xodimi, o'tmishda Afg'oniston Ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy ham omadini sinab ko'rmoqchi, biroq Afg'oniston konstitutsiyasiga ko'ra ikki fuqarolikka ega odamlar prezident saylovlarida ishtirok eta olmaydi.

XS
SM
MD
LG