Turkiya-Armaniston chegarasi ochilishi mumkin


So'nggi paytda Turkiya va Armaniston o'rtasida jonlangan muloqot 16 yillik savdo embargosi bekor qilinishi mumkin degan xulosaga sabab bo'lmoqda. Sanksiya Armaniston Tog'li Qorabog'ni bosib olib, Turkiyaga qardosh Ozarbayjonga qarshi urush boshlagach kiritilgan. Armaniston-Turkiya chegarasi ochilsa, bu mintaqa uchun nimani anglatadi?

"Chegara ochilsa, ko'p narsa o'zgaradi. Rasmiy hujjatsiz boshqa davlatda ishlash o'ziga yarasha muammo tug'diradi. Ko'chada yurishga hayiqaman, politsiya ko'rib qolmasin deb," deydi Istanbulda turk oilasida enagalik qilayotgan 20 yoshli yerevanlik Anna ismli qiz.

Yevropa Ittifoqiga intilayotgan va iqtisodiy tomondan ancha rivojlangan Turkiyada 70 mingga yaqin arman bor.

Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalariga javob beruvchi vaziri Ergemen Bagishning aytishicha, armanlar qashshoqlik tufayli vatanidan ketmoqda.

"Armaniston aholisining 15 foizi ishchi migrantlar yuborayotgan pul hisobiga kun kechiradi. Turkiya ikki tomonlama savdo orqali Armanistonga iqtisodiyotini yaxshilashga yordam berishi mumkin," deydi vazir.

Savdo embargosidan nafaqat Armaniston, balki Turkiyaning sharqiy hududlari ham jabr ko'rmoqda, deydi ba'zi kuzatuvchilar.

Turk-arman savdo kengashi prezidenti Kaan Soyakning aytishicha, ikki davlat siyosiy rahbarlari til topisha olmayotgan bir paytda tadbirkorlar o'zaro hamkorlikda ish qilmoqda.

"O'tgan hafta Yerevanda bo'lganimda, qurilish materiallarini sotib olish uchun Turkiyaga tez-tez borib turadigan bir necha tadbirkor bilan uchrashdim. Qiziqarlisi shuki, ular savdoni hech qanday kontraktsiz, chin so'z asosida boshlab yuborgan. Hamma bir-birini taniydi, bir-biriga ishonadi. Yuz minglab dollarlik ish hech qanday hujjatsiz qilinmoqda. Har ikki tomonda savdo qilishga katta ehtiyoj bor," deydi Soyak.

AQSh prezidenti Barak Obama ham ikki mamlakatni aloqalarni tiklashga da'vat etmoqda.

"Chegara ochilsa, Turkiya va Armaniston xalqlari tinch va farovon hayotga qaytadi. Qo'shma Shtatlar munosabatlarning yaxshilanishini to'laligicha qo'llab-quvvatlaydi," deydi Obama.

Xalqaro hamjamiyat va tadbirkorlar aloqalar yaxshilanishini talab qilar ekan, Armaniston prezidenti Serj Sarkisyanning aytishicha, embargo oktyabr oyida bekor qilinishi mumkin. Aynan shu payt futbol bo'yicha Armaniston terma jamoasi Istanbulda Turkiyaga qarshi maydonga tushadi.

Bunday ssenariyga Turkiyaning eng yaqin ittifoqdoshi - Ozarbayjon qarshi. Armaniston Ozarbayjon yerlaridan ketmas ekan, embargo bekor qilinmasligi kerak, deydi rasmiy Boku. Turkiya gaz va neftga boy Ozarbayjon fikri bilan hisoblashmay iloji yo'q. Xususan Turkiyadan Yevropaga qaratilgan Nabukko gaz quvuri kelajagini hisobga olganda, deydi istanbullik tahlilchi Soli O'zel.

"Ozarbayjon Turkiyaning Armanistonga nisbatan yumshashini keskin qarshi oldi. Nabukko loyihasi uchun mo'ljallangan gazining bir qismini Rossiyaga sotishini aytdi. Ozarbayjon gazisiz quvurni ishga tushirib bo'lmaydi," deydi mutaxassis.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya uchun gaz narxi ko'tarilishi mumkinligiga ham ishora qilgan. Turkiya iqtisodiyoti qo'shni respublika yonilg'isiga muhtoj ekan, rasmiy Anqara Ozarbayjon yuragiga yo'l topishi kerak. Shu maqsadda kelasi hafta Bosh vazir Rajab Toyip Erdog'an Bokuda bo'ladi.

XS
SM
MD
LG