O'zbek ziyolilari Afg'onistondagi saylovoldi vaziyatni sharhlaydi


Shu yilning avgustida Afg`onistonda prezidentl saylovlari bo’lib o`tadi.

Hozirgacha uch nomzod ro`yxatga olingan. Biri -- amaldagi prezident Hamid Karzay.

Afg`onistondagi turkiylar jamoasi vakili Akbarboy ham poygada qatnashmoqda. Sharhlovchilar Karzayning imkoniyati ko’proq, demoqda.

BMT Afg`onistonda kutilayotgan prezident saylovlarida toliblarni ham ishtirok etishga chaqirgan, biroq Tolibon rad javobi bergan.

Toliblarning aytishicha, saylov taqdiri avvaldan hal etilgan, AQSh qo`llab-quvvatlagan nomzod g`alaba qiladi.

Sharhlovchilar nazarida Afg’oniston aholisining Karzay hukumatiga ishonchi baland emas.
Hamid Karzay ayni paytda Vashingtonda prezident Barak Obama bilan muzokara qilmoqda. U ikkinchi muddat uchun kurashmoqchi.

Sharhlovchilar nazarida mamlakatda vaziyat beqaror bo’lsa-da, Karzayda imkoniyatlar bor.

“Hozirgi prezident baribir ancha ish qildi, xalqaro darajada yordam olayapti, mamlakat aholisi qo`llab-quvvatlashidan qat`iy nazar”, - deydi Farhod Tolipov.

Afg`onistonda 60 kishi rahbar bo’laman, deb xohish bildirgan, hozircha faqat uch nomzod ro`yxatga olingan.

Ular orasida turkiylar jamoasi vakili Akbarboy ham bor. Afg`onistonlik o`zbeklarning Akbarboyga munosabati har xil. O`zbeklar Afg`oniston aholisining 10 foizini tashkil etadi va asosan shimolda istiqomat qiladi.

“Shimol nisbatan tinch bo`lsa-da, turkiylar juda qashshoq yashaydi, hukumat tomonidan biror e`tibor berilmaydi. O`tgan saylovlarda janob Do`stum nomzodi ko`rsatilgan edi. Bu gal shimolda katta bir jabha bor, Do`stum rahbarligida tuzilgan. Ular yana bir katta jabhaga qo`shilgan. Hozircha saylov bo`yicha dastur-tadbirlari aniq oshkor etilganicha yo`q”, - deydi afg`onistonlik o`zbeklardan biri.

Saylovda turkiylar va forslardan iborat shimoliy ittifoq yagona nomzod bilan chiqishga hozirlangan, biroq shu paytgacha biror o’zgarish yo’q.

Taxminlarga ko’ra, Abdurashid Do`stum boshchiligidagi Afg`oniston Milliy islomiy harakati Hazoralar bilan kelishgan holda Hamid Karzay nomzodini yoqlashi mumkin.

Shimoldagi yetakchilardan biri, sobiq mudofaa vaziri Muhammad Fahim ham Karzay nomzodini ma’qullashi kutilmoqda.

Afg`onistonda birinchi bor o`tgan prezident saylovlarida o`zbeklar yetakchisi, general Abdurashid Do`stum ham nomzod sifatida ishtirok etgan edi.

Do`stum keyinchalik Hamid Karzay hukumatida mudofaa ishlari bo`yicha davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.

XS
SM
MD
LG