AQSh Senati Eron bilan munosabatlar istiqbolini chamalamoqda


AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo'mitasi Eron bilan muloqot qilish ehtimolini o'rganmoqda. Muzokaralardan maqsad - rasmiy Tehronni yadro dasturidan qaytarish. Qo'shma Shtatlar Eronda tuzumni o'zgartirmoqchi emas, aksincha hamkorlikni yo'lga qo'ymoqchi, deydi qo'mita raisi, senator Jon Kerri.

Sobiq prezident Jorj Bush Eron bilan muloqot qilishdan bosh tortib kelar edi, ammo Obama tashqi siyosatni tubdan o'zgartirishga astoydil bel bog'lab, bevosita muloqot haqida so'z ochgan. Senatdagi tinglovda mutaxassislar bunga nisbatan o'z qarashlarini bildirgan.

Sobiq prokuror Robert Morgentauning aytishicha, Eronni uzoq masofali raketalar va yadro qurollarini ishlab chiqarishdan qaytarish uchun oz vaqt qolyapti.

"Shuning uchun muloqotni boshlash kerak," deydi senator Kerri.

"Ammo muzokaralar ish bermasa, sanksiyalarni kuchaytirib, harbiy chora qo'llash ehtimolini ko'rib chiqish kerak," deydi davlat kotibining sobiq o'rinbosari Nikolas Byorns. "Eronga ta'siri bor Rossiya va Xitoy, muloqotdan foyda bo'lmasa, keskinroq sanksiyalarni qo'llashga rozi bo'lishi zarur."

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod AQSh bilan muloqotga hozircha tayyormasmiz deydi. Byorns sabr qilishimiz kerak deydi.

"Aloqalarimiz 30 yildan beri muzlab qolgan. Karter ma'muriyatidan Obama ma'muriyatigacha Eron rahbarlari bilan jiddiy muloqot bo'lmagan. Bir-birimizga dushman sifatida qaraymiz. Tabiiyki, bunday vaziyatda har bir tomon ehtiyotkorlik bilan siyosat yuritadi," deydi Byorns.

Senator Kerri AQSh Eronda tuzumni almashtirishga harakat qilmaydi desada, mutaxassislar fikricha kelasi oy Eronda bo'ladigan prezident saylovlarida bu hol o'z-o'zidan sodir bo'ladi.

"Ahmadinejodning reytingi Eronda yuqori emas. Iqtisodiy siyosati samara bermadi. O'rta hol odamlar hayoti og'ir. Biroq bu saylov uchastkalarida o'z ifodasini topadimi, yo'qmi, hozircha noaniq," deydi Nikolas Byorns.

XS
SM
MD
LG