Amerika va Markaziy Osiyo rahbarlari orasida ishonch past


Yaqingacha AQShning Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas'ul bo'lgan Evan Feygenbaum (Feigenbaum) fikricha G'arbda, xususan AQSh, Yevropa va Rossiyada tahlilchilar mintaqani yirik derjavalar orasidagi siyosiy o'yinlar maydoni sifatida ko'rishga o'rgangan.

Markaziy Osiyo "kimningdir hovlisi emas"

Hozirda Tashqi aloqalar bo'yicha kengash a'zosi Feygenbaum deydiki, Vashingtonda yoki Yevropa siyosiy doiralarida ko'pchilik AQSh, Rossiya yoki Xitoy Markaziy Osiyoda nima istashi haqida gapiradi, ammo hech kim bu mustaqil respublikalardan "siz nima istaysiz?" deb so'ramaydi.

Sabab, albatta, Rossiyaning mintaqada azaldan o'ynab kelayotgan siyosiy roli, Xitoyning iqtisodiy ta'siri oshib borayotgani, qolaversa o'tgan 18 yildan beri Amerika va Yevropa Markaziy Osiyo bilan xavfsizlik va energetik hamkorlikni kengaytirishga urinib kelayotgani.

Feygenbaum "tahlilchilar ko'p hollarda bu yerda mustaqil davlatlar joylashganini unutib qo'yadi" deydi.

"Bilasizmi, ko'plab siyosatshunoslar Markaziy Osiyoga to'xtalganda bu yerda ham xalqlar yashashi, ular o'z maqsadlariga ega ekanini unutib qo'yishadi. Gap faqat Rossiya, Xitoy va G'arb maqsadlari ustida ketadi. Vaholanki, Markaziy Osiyodagi har bir davlat geografik jihatdan strategik hududda joylashganiga asoslanib, barcha yirik davlatlar bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalar o'rnatishga harakat qilib kelmoqda. Bu respublikalar kimningdir hovlisi emas. Ularning har biri alohida, suveren davlat sifatida ko'rilishni istaydi. Xohish-talabi inobatga olinishini istaydi. Buni tan olishimiz kerak",- deydi Feygenbaum.

Siyosiy muvozanat: kimning dardi nima?

Jorj Bush prezidentligining ikkinchi yarmida tashqi siyosatni boshqargan Kondoliza Rays Markaziy Osiyoni Yevrosiyo emas, Janubiy Osiyo bilan yonma-yon qo'ydi.

AQSh mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishda hissa qo'shmoqchi bo'lsa, bu yosh davlatlarning dengizga chiqishi uchun yordam berishi kerak; sharq dunyosi, xususan Afg'oniston, Pokiston, Hindiston va hatto Xitoy bilan qadim savdo yo'llarini tiklashga ko'maklashish zarur degan qarash vujudga keldi.

Ana shu siyosatni amalga oshirish bilan mashg'ul bo'lgan Evan Feygenbaum nazarida tashqi kuchlar taklif kiritishi, undashi va nasihat qilishi mumkin xolos, qolgani mintaqa xalqlariga havola. Amerika buni tushunib yetgan, deydi u.

"Xitoy 1991 yildan beri Markaziy Osiyo bo'ylab yirik hamkorga aylandi. Nazarimda, mintaqa bundan ancha foyda ko'rdi. Sarmoya kela boshladi, moliyaviy imkoniyatlar paydo bo'ldi, savdo rivojlandi. Lekin buning salbiy ta'sirlarini ham tan olish kerak. Bozorlar Xitoy mahsulotlari bilan to'la ekan, ichki ishlab chiqarish kamaydi; mahalliy mahsulotlarga talab pasaydi; tadbirkorlik cheklanib qoldi. Odamlar imkoniyatlar kengayishini istaydi. Farovonlik har tomonlama taraqqiyot taqozo etadi. Shu jumladan dunyoning har tarafi bilan birdek hamkorlik qilishni",- deydi Feygenbaum.

Mustaqillik yillarida Rossiya va Xitoy bilan munosabatlar iqtisodga asoslandi. AQSh va Yevropa bilan rishtalar ko'proq siyosiy va madaniy tusga ega bo'ldi. G'arb demokratiya targ'ibotchisi sifatida tanildi, Rossiya va Xitoy uchun erkinlik va huquqning ahamiyati yo'q deya tahlil qilindi.

Evan Feygenbaum bu xulosaga qisman qo'shiladi.

"AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini uch omil tebratadi: xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va demokratik taraqqiyot. Amerika va mintaqa orasida savdo u qadar keng emas, ammo biz Qozog'istonga eng ko'p sarmoya kiritgan davlatmiz. Boshqa respublikalarga ham iqtisodiy imkoniyatlar ochishda, masalan energetik boyliklar eksportida yordamlashamiz. Transport va suv yo'llari ustida ishlaymiz. Qo'shni Afg'oniston notinch ekan, barqarorlikka erishishdan hamma manfaatdor",- deydi sobiq diplomat.

"To'g'ri, biz demokratiyani targ'ib qilamiz, ammo jamiyat oldinga siljishi uchun har tomonlama harakat zarurligini yaxshi tushunamiz",- deydi Feygenbaum.

"Shu bois Amerika ko'p-qirrali aloqalarga urg'u beradi. Rossiya va Xitoy huquq haqida bizchalik qayg'urmaydi, ammo markaziy osiyoliklar ularga aynan nima zarurligini o'zi biladi",- deya qo'shadi u.

"Markaziy Osiyo global savdo tizimiga ulanishi kerak"

Amerika diplomatlari "buyuk o'yin" – yirik derjavalar orasida Markaziy Osiyoga egalik qilish uchun kuchli raqobat ketmoqda degan nazariyani ham rad etib, AQSh mintaqada hech narsaga ko'z olaytirayotgani yo'q deya qayd etib keladi.

Evan Feygenbaum fikricha tashqi kuchlar o'zbek, qozoq, qirg'iz, tojik va turkman xalqlari boyligiga sherik bo'lmoqchi deb o'ylash noto'g'ri.

"Mintaqa global savdo va moliya tizimiga ulanishi zarur. Uning haqqini hech kim olib qo'yolmaydi",- deydi u.

"Jahon bozoriga chiqish, unda o'z o'rniga ega bo'lish uchun mintaqa bir tomon bilan emas, u bilan hamkorlikdan manfaatdor barcha tomonlar bilan gaplashishga, ular bilan savdo-sotiq qilishga majbur. AQSh (hozirgi krizisga qaramay) dunyoning iqtisodiy-moliyaviy jihatdan eng kuchli davlati ekan, biz bu borada mintaqaga behisob yordam bera olamiz. Qolaversa, Jahon Savdo Tashkilotiga kirish va boshqa uyushmalarga a'zo bo'lishda".

AQShning yangi ma'muriyatiga tavsiyalar

Barak Obama hali Markaziy Osiyoning biror rahbari bilan uchrashmagan va mintaqaga nisbatan siyosatini hali tushuntirganicha yo'q. Evan Feygenbaum hukumatga uch narsani eslatmoqda.

"Birinchidan, Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyoga jiddiy qarashi kerak. Biz bu mintaqa tinch va barqaror, farovon bo'lsin desak, oliy darajada muloqot olib borish kerak".

"Ikkinchidan, aniq regional strategiyaga asoslangan holda, bu jamiyatlar Osiyoning bir qismi, sharq dunyosining bir qismi ekanini yodda tutgan holda hamkorlik qilish kerak".

"Uchinchidan, aloqa faqat bir sohada bo'lib qolmasin. Xavfsizlik, iqtisod va demokratiyaga birdek e'tibor berilsin".

"Qozog'iston bilan aloqalarimiz juda yaxshi, uni shunday davom ettirish kerak. O'zbekiston bilan til topishish juda muhim. Qirg'iziston bilan rishtalarimiz faqat harbiy bo'lib qolmasin. Tojikiston har tomonlama yordamga muhtoj. Turkmaniston bilan faqat energetik emas, ta'lim, sog'liqni saqlash singari sohalarda ham ishlash kerak",- deydi sobiq rasmiy.

Gap ishonchda

Markaziy Osiyo-Amerika munosabatlaridagi asosiy muammolardan biri bu ishonchsizlik.

"Markaziy Osiyoda Amerikaning maqsadlari ezgu ekaniga ishonch past. Ularga siyosatimiz xolis ekanini tushuntirish, buni isbotlab berishimiz zarur. Ayniqsa demokratiya targ'ibotimizga shubha bilan qarashadi",- deydi Evan Feygenbaum.

Mintaqa rahbarlari va siyosiy doiralari ularga ham ishonch past ekanini bilishi, deydi u, qarsak ikki qo'ldan chiqishini unutmasligi lozim.

Sobiq diplomat "Markaziy Osiyo siyosiy mentaliteti bilan yaxshi tanishman. Bir-birimiz haqimizda qancha bilsak, shuncha yaxshi",- deya ta'kidlaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG