AQSh Rossiya bilan aloqalarni yangilamoqchi


Prezident Barak Obama Vashingtonda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan. Obama iyulda Moskvada prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashadi. Aloqalar ziddiyatga boy bo'lsada, jurnalistlar bilan muloqot chog'ida rasmiylar asosan ijobiy masalalarga to'xtalgan.

"Qo'shma Shtatlar va Rossiyada ko'plab masalalar bo'yicha munosabatlarni yangilash uchun ajoyib imkoniyat bor," deydi Obama.

Tomonlar Gruziya, AQShning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasi, NATOning sharq tomon kengayishi borasida qarama-qarshi qarashlarga ega.

"Iyul oyida Obama va Medvedev ana shu mavzularni ilk rasmiy sammit doirasida muhokama qiladi," deydi Lavrov.

Rossiya vaziri AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton bilan ham uchrashgan. Rossiya bilan qator masalalar bo'yicha kelishmovchiliklar bo'lishiga qaramay, biz har ikki tomon uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi, o'zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni davom ettirishimiz kerak, deydi Klinton. Ulardan biri strategik va atom qurollarini cheklash.

Dushanba kuni AQSh va Rossiya rasmiylari Moskvada bu borada ikkinchi davra muzokaralarini o'tkazadi. Tomonlar yil oxirida muddati tugayotgan Strategik qurollarni qisqartirish bitimini yangilashga harakat qilyapti.

"Bu ikki davlat uchun ustuvor masala. Munosabatlarni yangi bosqichga chiqarish lozim. Shu tomondan iyuldagi oliy darajadagi uchrashuv alohida ahamiyatga ega," deydi Klinton.

Lavrov va Klinton Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturlariga nisbatan umumiy siyosat xususida ham gaplashgan.

XS
SM
MD
LG