Janubiy Koreya, O'zbekiston orasida 16 bitim imzolangan


O`zbekiston moliyaviy inqiroz sharoitida Janubiy Koreyaga asosiy sarmoyador sifatida qaramoqda.

Biroq mamlakat sarmoya muhitida aniq o`zgarishlar bo`lmasa, moliyaviy yordamga umid o’zini oqlamasligi mumkin.

Li Myu Bak 10-11 may kunlari Toshkentda bo'lib, rahbariyat bilan muzokaralar olib borgan.

2008 yilda prezident Islom Karimov Koreya rahbarining qasamyod marosimida ishtriok etgan edi.

Li Myu Bakning Toshkentga tashrifi davomida 16 hujjat imzolangan, xususan energetika, savdo va tibbiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olingan.

Sharhlovchilar nazarida O'zbekiston Janubiy Koreya yordamidan qanchalik umid qilmasin, respublikadagi sharoit yaxshilanmas ekan, tashqi ko'mak uzoqqa bormaydi.

“Hukumat siyosiy, ijtimoiy sohadagi qarashlarini o'zgartirishi kerak”, - deydi tahlilchi Bobomurod Razzoqov.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha esa Janubiy Koreya ishonchli hamkor va respublika bu rivojlangan davlatga tayana oladi.

“Koreyaning O`zbekistonga munosabati avvalgi davrlarda ham o`zgarmagan. O`zbekiston Koreya tashabbuslarini quvvatlaydi, Koreya esa O`zbekistonni”, - deydi u.

Rasmiy ma`lumotlarda keltirilishicha, O’zbekistonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan 300 dan ortiq korxona ishlaydi.

Ayrim ekspertlar nazarida koreyalik tadbirkorlar ham boshqa biznes egalari qatorida valyuta taqchilligi muammosi bilan yuzlashmoqda. Shu bois sarmoya kiritishdan avval konvertatsiya masalasini hal etish lozim.

“Janubiy Koreya sarmoyadorlari uzoqni ko`zlovchi, O`zbekistondagi qonunlardan, ish qanday olib borilayotganidan yaxshi xabardor odamlar. Ehtimol jahon bozorida o`tmayotgan mollarini sotishga harakat qilar. Janubiy Koreya prezidenti nima deyishidan qat'iy nazar bu mamlakat in bankirlari va sarmoyadorlari O`zbekistonga umid bilan qaramaydi”, - deydi tadbirkor Jahongir Shosalimov.

O'zbekistonliklar uchun Janubiy Koreya ko`proq siyosiy-strategik hamkor emas, balki yaxshiroq ish topish uchun imkon beradigan mamlakat sifatida tanish.

Bobomurod Razzoqovning aytishicha, Koreyada o'zbekistonlik muhojir ishchilarga nisbatan munosabat, Rossiyadagiga qaraganda, ancha yaxshi va aksariyat mehnatkashlar ijtimoiy himoya bilan ta'minlanadi.

“Inqiroz sabab Koreyadagi ishidan ayrilib, vatanga qaytgan o'zbekistonliklar u yerda nafaqa uchun ajratilgan mablag' va boshqa yordam pullarini olmoqda”, - deydi tahlilchi.

Janubiy Koreya demokratik va rivojlangan jamiyat bo'lgani bois O'zbekistonda jamoatchilik bu davlat bilan yaqindan aloqa qilish tarafdori ekani ta'kidlanadi. Ko'pchilik Osiyoning bu qismiga havas bilan qaraydi, deydi sharhlovchilar.

XS
SM
MD
LG