AQSh xorijdagi diplomatlari sonini oshirmoqda


AQSh Davlat departamentiga ko'ra, Obama ma'muriyati Amerikaning xorijdagi nufuzini oshirish va xalqaro muloqotni kuchaytirish maqsadida xorijda ishlayotgan diplomatlar sonini oshirmoqchi. Kongressga taqdim etilgan departament byudjeti loyihasida 54 milliard dollar so'ralgan.

Xalqaro aloqalarda diplomatiyaga katta urg'u berayotgan Barak Obama ma'muriyati tashqi siyosatda hozirgidan 9 foiz ko'p pul sarflamoqchi. 6,600 kishilik diplomatik korpus kelasi uch yil ichida 25 foizga kengayadi.

AQShning xorijdagi yordam dasturlarini yurgizuvchi Xalqaro taraqqiyot agentligining chet eldagi xodimlari soni ikki baravarga ko'payib, 2 ming mutaxassisni tashkil etadi. AQSh tashqi yordami ham 2015 yilga borib shunchaga oshadi.

AQSh davlat kotibi o'rinbosari Jeykob Lyuning aytishicha, Obama ma'muriyati tashqi yordam dasturlarini ko'paytirar ekan, ularni yuritishga yetarlicha mutaxassis kerak, aks holda diplomatik sohada qo'yilgan maqsadlarga erishib bo'lmaydi.

Qo'shma Shtatlar xorijdagi dasturlarini yuritishda ko'p hollarda xususiy kompaniyalar va nodavlat tashkilotlarga tayanadi. Ammo ba'zi hollarda bu salbiy oqibatlarga olib kelgan. Masalan, Iroqda AQSh diplomatlari xavfsizligini ta'minlash uchun yollangan xususiy kompaniya bir necha vaziyatda oddiy fuqarolarni o'ldirib, siyosiy va diplomatik mojaro kelib chiqqan edi. Shu sabab Obama ma'muriyati bu amaliyotni cheklab, davlat dasturlari ijrosini davlat xizmatchilariga topshirmoqchi.

Kongressdan so'ralayotgan 54 milliard dollarning bir qismi AQShning BMTga qarzini qoplashga hamda xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot banklariga va'da qilingan mablag'ni berishga sarflanadi.

"Prezident va davlat kotibi AQSh xalqaro maydonda aktiv ish olib borishga bel bog'lagan deya bir necha marotaba ta'kidlagan. Shunday ekan birinchi navbatda qarzlarimizni yopishimiz lozim," deydi Lyu.

Yangi byudjetda diplomatlarga arab, xitoy, hind va urdu tillarida saboq berishni kuchaytirish ham ko'zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG