Breaking News

Rim Papasi: Falastinliklar ham o'z davlatiga ega bo'lishi kerak


Benedikt XVI Isroilga tashrif buyurgan uchinchi Rim Papasi bo'ldi. Kuzatuvchilar tashrif oson kechmasligini ta'kidlamoqda. Chunki ba'zi Vatikan rasmiylari yahudiylarning Ikkinchi jahon urushida qatliom etilganiga shubha bildirgach, Papa tanqid ostida qolgan.

Benedikt XVI Tel-Avivda iliq kutib olindi. Aeroportda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va prezidenti Shimon Peres bilan uchrashar ekan, papa birinchi navbatda xolokostni esga oldi.

"Yahudiy xalqi dahshatli mafkura qurboni bo'ldi. Mamlakatda bo'lgan chog'imda urushda qatl etilgan 6 million yahudiyni xotirlab, insoniyat bunday jinoyatga ortiq yuz tutmasligini yaratgandan so'rab ibodat qilaman," dedi papa.

Ba'zi isroilliklar xolokostni inkor etgan ruhoniyning Benedikt tomonidan lavozimida tiklanganidan norozi.

Papa ma'ruzasida yahudiylarga nisbatan adovatga qarshi kurashishga da'vat etdi.

Rim Katolik cherkovi rahbari Isroil va Falastin rahbarlarini tinchlik sari qadam tashlashga chaqirib, mintaqada Isroil bilan yonma-yon ravishda mustaqil Falastin davlati ham bo'lishi kerak dedi.

"Har ikki xalq dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan chegaralari doirasida tinchlik va totuvlikda yashashi, muammolarni hal qilish uchun har bir imkoniyatdan unumli foydalanishi zarur," deydi Benedikt XVI.

Besh kunlik tashrifi davomida papa Falastinda ham bo'ladi.

XS
SM
MD
LG