NATO Navoiy orqali noharbiy yuk olib o'tmoqda


NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, O’zbekistonning Navoi aeroporti orqali Afg’onistonga noharbiy yuklar o'tkaza boshlagan.

Prezident Islom Karimov bu ma'lumotni Toshkentda Janubiy Koreya rahbari bilan uchrashuv chog'ida tasdiqlagan.

Prezidentning aytishicha bu aeroport Janubiy Koreya yordami bilan ta’mirdan o’tib, xalqaro talablarga javob beradigan maskan bo’ladi.

Navoiyda, O'zbekiston rasmiylarining ta'kidlashicha, yuk tashish bobida mamlakatning markaziy aeroporti ish yuritadi.

Karimov fikricha Navoiy aeroporti nafaqat ikki davlatni balki butun Osiyo, Yaqin Sharq va G`arb davlatlarini bir-biriga bog'lovchi joydir.

Janubiy Koreya aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Navoiy aeroporti asosida zamonaviy logistika markazi tashkil etish va undan birgalikda foydalanishga kelishib olingan.

Hozirda AQSh O’zbekiston temiryo'li orqali Afg’onistonga qurilish materiallari olib o'tmoqda.

Amerika, shuningdek, Afg'onistonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish yuzasidan Tojikiston va Turkmaniston bilan ham kelishuvlarga ega.

O'zbekiston G'arb bilan aloqalarini tiklashda Afg`oniston bo`yicha hamkorlik masalasiga ahamiyatini oshirmoqda.

Germaniya ixtiyoriga berilgan Termiz aerodromidan ham Afg'onistondagi harbiy kuchlarga yordam ko'rsatiladi.

G'arb O'zbekiston bilan aloqalarda asosiy diqqatni huquq va erkinlik targ'ibotiga qaratishi kerak deb chiqayotgan tomonlar nazarida Karimov ma'muriyatiga nisbatan bu borada bosim pasaymoqda.

"O`zbekistondagi repressiyalarni to`xtatish, so`z erkinligini ta`minlash masalalarini ko`tarish kerak. Rivojlanish bo`lishi uchun erkinlik kerak. Lekin bu borada Yevropa ham biron ish qilayotganini kuzatmayapman. Hammasi shu siyosiy aloqalarga boriq taqalmoqda", - deya afsuslanadi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov fikricha esa Afg`oniston masalasi va demokratik taraqqiyot masalalari alohida muhokama qilinishi zarur.

"O`zbekiston Afg`oniston bo`yicha yordam ko'rsatayapti. Bu O`zbekiston manfaatiga ham to`g`ri keladi. Demokratiya masalasiga kelsak, hali oldinda katta muzokaralar turibdi", - deydi Tolipov.

Yaqindan Norvegiya Afg`onistondagi harbiylarini ta`minlashda Termiz aerodromidan foydalanish uchun O'zbekiston rahbariyati bilan muzokara boshlagan.

Bu harakat esa, xalqaro ma'lumotlarda keltirilishicha, Norvegiya jamoatchiligi orasida qoralanmoqda. O`zbekiston hukumati repressiv deya, u bilan murosaga kelmaslikni talab qilayotganlar bor.

XS
SM
MD
LG