Breaking News

Sog'liqni saqlash Amerikada eng dolzarb masalalardan biri


Sog’liqni saqlash tobora qimmatlashib borayotgan Amerikada prezident Barak Obama “kelasi 10 yilda xarajatlarni 2 trillion dollarga kamaytiramiz” demoqda.

Bugungacha tibbiyot sohasida islohotlarga yo’q deb kelganlar ham hukumat bilan murosaga kela boshlagan.

Obama bu sanoat egalarini tibbiy xizmat haqini iloji boricha pasaytirishga ko’ndirgan.

“Hukumat ham, xususiy sektor ham odamlarning shifokor huzuriga borishi, biror yordam olishi haddan tashqari qimmat ekanini tushunadi”,- deydi prezident.

Biroq ko’pchilik amerikaliklar uchun bu gaplar, bu va’dalar yangilik emas. Issig’i chiqib tez yordamga murojaat qilgan odam, tibbiy xizmat uchun 1000-1500 dollar to’lashiga to’g’ri keladi.

Tibbiy sug’urtangiz bo’lsa, uni qoplashadi. Bo’lmasa, yuqoridagi pul ko’pchilik uchun oylikning yarmi, hatto hammasi bo’lishi mumkin.

Shu bois Amerikada sug'urtasiz yashash maslahat berilmaydi. Oddiy tibbiy ko'rikning o'zi bir necha yuz dollarga tushadi.

AQShda keksalar, bolalar va daromadi past oilalar uchun tibbiy yordam dasturlari bor. Obama ularni kengaytirishni va’da qilgan.

Ammo aksariyat kasalxona, tibbiyot markaz va klinikalar xususiy ekan, xizmat haqini ularning egalari va talab belgilaydi.

Buni tushungan Obama butun tizimni qayta ko’rib chiqishni, uning ustidan nazoratni yaxshilashni taklif qilmoqda.

“Tibbiyot eng tez rivojlanayotgan soha. Har bir amerikalik uning yutuqlaridan bahramand bo’lishi, har bir shaxs davolana olishi, hech bir bemor “pulingiz yetmayapti” deb tibbiy yordamdan mahrum qilinishi kerak emas”,- deydi Obama.

1993 yilda Bill Klinton prezidentlik davrida ham Amerikada sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga urinishlar bo’lgan.

Lekin xususiy sektor va uning Kongressdagi tarafdorlari bunga yo’l qo’ymagan. Obama qonunchilardan xalq manfaatini ko’zlab ish tutishni so’ramoqda

.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG