Breaking News

Vakillar Palatasi urushga pul ajratishga tayyor


AQSh Vakillar Palatasi Iroq va Afg'onistondagi urush xarajatlarini qoplash maqsadida 97 milliard dollarlik qonun loyihasini ko'pchilik ovoz bilan qabul qilgan. Hujjatda Pokistonga atalgan pul ham bor. Kongressdagi muxbirimiz Den Robinsonning xabar qilishicha, Senat loyihaga kelasi hafta ovoz beradi.

Hujjatga prezident Obama so'raganidan 12 milliard dollar ko'p pul qo'shilgan. Uning osonlikcha qabul qilinishi Obamaning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha yangi strategiyasini amalga oshirishni tezlashtiradi.

Biroq demokrat kongressmen Deyvid Obey fikricha, strategiya ish bermaydi.

"Gap Obama siyosatining xatoligida emas. Ushbu mintaqada ish beradigan siyosatning o'zi bormikan," deb so'raydi qonunchi.

Pulning bir qismi yangi qurol-yarog', samolyot va bronetransportyorlar, zirhli mashinalar sotib olishga hamda askarlar va oilalarini qo'llab-quvvatlashga sarflanadi.

Shuningdek Afg'oniston, Pokiston va Iroq hukumatlariga iqtisodiy yordam sifatida ajratiladi. Yana 400 million dollar Pokiston bilan qo'shma aksil-terror jamg'armani tuzishga ishlatiladi.

Yaqin Sharq, Afrika, Meksika va Gruziyaga iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida, SPIDga qarshi kurashda ham yordam beriladi.

Qonunning Senat tomonidan ishlanayotgan ko'rinishida 92 milliard dollar ajratish ko'zda tutilib, Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopishga ham pul ajratilgan. Vakillar Palatasi esa bu xarajatni qo'shmagan.

Muxolifatdagi respublikachilarning bir qismi qonunga ovoz bergan bir paytda Obama safdoshlari bo'lmish demokratlarning ba'zilari unga qarshi.

Kongressmen Linn Vulsining aytishicha, urushni unga qo'shimcha pul ajratish orqali tugatib bo'lmaydi.

"Iroqda 50 ming askarni qoldirish rejasi bo'lsa, bu urush tugadi degani emasku," deydi u.

Qonunga ovoz bergan respublikachilar sardori Jon Bonerning aytishicha, askarlar ehtiyojlari qondirilmas ekan, yutuqqa erishib bo'lmaydi.

XS
SM
MD
LG