Yozuvchi va shoirlari xor mamlakat


Kirish...

XXI asrda o’zbek adabiyoti kitobxondan ancha uzilib qolgani, umumiy saviya ancha tushib ketgani ko’zga tashlanadi. Yozuvchilar uyushmasi bugun tarqoq, madhiyabozlik hukmron idoraga aylangan.

Yaqinda bu tashkilotni uzoq yillar boshlagan, O’zbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripov iste’foga ketdi. Rasmiy xabarga ko’ra, bu chora yozuvchilar uyushmasi faoliyatini kuchaytirish bilan bog’liq.

Tahlilchilar nazarida uyushmaa nufuzini tiklash qiyin, shoir va yozuvchilar zamon muammolaridan uzoqroq yurishni ma’qul ko’rmoqda.

O`zbek adabiyoti iste`dodlarga, millat taraqqiyoti uchun hissa qo’shgan shaxslarga boy.

Biroq avval o`z asarlari bilan xalq orasida dovrug’ qozongan, ijtimoiy hayotdagi muammolar haqida ochiq yozgan yozuvchilar bugun sukutda.

Adabiyot ahlining faolligi uzoq davom etmadi. Millatning adabiyotga munosabati ham shunga yarasha o`zgargan. kitobxonlar soni kamayib bormoqda.

Esimda o'sha damlar...

Tahlilchilar fikricha, o`zbek adabiyotining gullab-yashnagan davri XX asrga to`g`ri keladi. Jadidlar adabiyoti, keyinchalik 1980-90-yillarda kuzatilgan to`lqin ajoyib asarlar, talantli adiblarni yetkazib berdi.

O'zbek adabiyotining bugungi ahvoli yozuvchi, shoirlarga ko`rsatilyotgan munosabat bilan bog`liq.

“Deylik, adabiyotni adabiyot qilayotgan odamlar o`z fikrini aytish huquqidan mahrum. Demak, adabiyot nufuzi tushib ketaypti, degan gapda bir asos bordek. Kitoblar chiqarish o`lja-jo`lda, adabiyotni tushunmaydigan, “Xalq yozuvchilari”ni ko`kragidan itarib, kim bu? deb so`raydigan noshirlar ko`paygan. Tadbirkorlik kerak, albatta, lekin madaniyat saqlanishi kerak”, - deydi shoir Usmon Azim.

Yaxshi kitob chiqsa, odamlar topib o'qiydi

O`zini kitobxon sifatida tanishtirgan suhbatdoshning aytishicha, yozuvchi va jamoatchilik o`rtasida bo`shliq yuzaga kelishiga yozuvchilardagi hadik ham sabab.

“Nimadandir xavfsirab turish ularning o`ziga ham, jamiyatga ham zarar. Ilgari qanaqadir chiqishlar, jonli muloqotlar, odamlar munozarasiga sabab bo`ladigan mavzular gurkirab yuzaga chiqardi. Bugungi kunda ham endi faqat she`riyat emas, boshqa yo`nalishlarda ham yangi narsalar chiqishi kerak. Kitoblarni o`qimayapti deb ham bo`lmaydi. Agar yaxshi asar bo`lsa, nasrdami, nazmdami yoki boshqa janrda, odamlar uni topib o`qiydi, ommalashadi”, - deydi suhbatdosh.

Abdulla Oripov ishdan ketdi

Yaqinda O`zbekiston yozuvchilar uyushmasining ko`p yillik rahbari, O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov vazifasidan ozod etildi.

Bu adabiy jamoatchilikda yopiq muhokama qilinayotgan asosiy mavzulardan biri bo`lib qolmoqda.

“O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasida yozilishicha, Abdulla Oripov o`z xohishiga ko`ra ariza bergan. Bu o`zgarish yozuvchilar uyushmasi faoliyatini kuchaytirish, zamon talabiga moslash bilan izohlanadi.

Tanqidchilar deydiki, o`zbek adabiy jamoatchiligida tarqoqlik, yozuvchilar uyushmasining ijtimoiy-siyosiy muammolardan chekinishi Abdulla Oripov raisligi davriga to`g`ri keladi.
Usmon Azim nazarida uyushmaning sobiq rahbari imkoniyat darajasida ish qilgan.

“Undan ortiq ham emas, past ham emas. Endi hozirgi o`zgarishlar sharoit yaratib berish uchun qilinayotgan bo`lsa yaxshi. Sharoit deganda, men oddiy narsani tushunaman. Qilingan mehnat uchun nashriyot bo`ladimi, vazirlik bo`ladimi, o`shalardan qalam haqini aniq olish. Mana, o`zbek teatrida qo`yilgan dramalar uchun muallifga haq to`lanishi kerak. Hozir qirqdan ortiq asarlar yotibdi. Muallifga hech kim hech narsa to`lamagan”, - deydi Usmon Azim.

Yozuvchilar uyushmasiga yaxshi rahbar kerak

Shoir Yo`ldosh Eshbek Abdulla Oripov iste`dodini ta`kidlab o`tgan holda o`zbek adabiyoti oldida turgan mummolarga e`tibor qaratadi.

“Har bir kishiga muayyan qarash kerak. Talantli ijodkor - talantli rahbar degani emas. Masalan, Rauf Parfi juda katta ijodkor edi, lekin uning kitoblari jahon tillariga tarjima qilinmadi. Idora boshlig’ini rahbarlik layoqatiga qarab tayinlash kerak, ijodiga qarab emas”, - deydi shoir.

Avval O`zbekiston davlat matbuot agentligida ishlagan Bobur Alimov hozirda uyushma yangi raisi etib saylangan.

Yozuvchilar fikricha, uyushmaning so`nggi yillardagi faoliyatiga baho berishdan ko`ra yangi rahbar yozuvchilarga qanday ko`mak ko`rsatishi haqida gapirish ma`qul.

Bugun kimni bosishmayapti?

O`zbek adabiyotida bugun ham taqiqlangan yozuvchi-shoirlar ko`p. Ularning aksariyati 1980-90 yillarda o`sha paytdagi yozuvchilar uyushmasi tashabbusida shakllangan muxolifat a`zolari. Bu yozuvchilarning asarlarini nashr e`tish taqiqlangan. Mamadali Mahmudov, Yusuf Juma kabi adiblar hozir panjara ortida o'tiribdi.

“Rauf Parfi taqdiri misolida ko`raylik. O`limidan keyin bitta kitobi chiqdi – nomiga. Saylanmasi chiqmadi. Uning nomini abadiylashtirish uchun hech ish qilinmadi. Vaholanki, u o`zbek adabiyotining daholaridan biri. Rauf Parfining kitoblari chiqsa, bu uyushmaning millatga xizmat qila boshlaganidan darak bo'lar edi. Rauf Parfi o`zbek xalqi ruhini eng baland pardalarda kuylagan shoir. Shoir va yozuvchi millat tirik ekanini bildirib turuvchi odamlar”, - deydi yosh yozuvchilardan biri.

Pichoqqa ilinadigan adiblar bormi?

Ayrim tanqidchilar fikricha, XX asrda jadal rivojlangan o'zbek adabiyoti bugun sayozlashgan.

“Hozir adabiyotga kirib kelayotganlar anchagina. Muhammad Yusufga o`xshagan shoirlarimiz barvaqt ketib qolishdi. Ular so`nggi asarlari bilan XXI asr adabiyotiga poydevor qo`yishayotgan edi. Hozirgi avlod, nazarimda, biror pishib yetilgan asar taqdim etolgani yo`q. Shuning uchun hozir falonchi XXI asr o`zbek adabiyotini yaratishga qodir deb aytishga jur`at qilolmayman”, - deydi adabiyotshunos olim Naim Karimov.

Shoir Usmon Azim bu xavotir asosli deydi.

“Adabiyotda yoshlarni tarbiyalash tizimining o`zi yo`qligi uchun ular bir- ikkita kitob chiqarib, o`zlarini boshqa yoqqa urib ketishayapti”, - deydi shoir.

Yoshlarning aytishicha, iste'dodlar bor, faqat ularning yuzaga chiqishi qiyin.

“Masalan, Rossiya, Fransiyada yilning eng yaxshi kitobi uchun mukofot bor, bizda-chi? Yo`q! Buni yozuvchilar uyushmasi tashkil qilishi kerak. Hozir yosh, kuchli yozuvchilar bor, lekin ular kitob chiqarish imkoniyatiga ega emas”, - deydi u.

O`zbekistonda adabiyot rivoji hamisha yozuvchilarning jamiyatda faol ishtiroki bilan hamohang kechgan. So`nggi yillarda o`quvchilar adabiyotdan uzoqlashganini shu bian izohlash mumkin.

XS
SM
MD
LG