"General Motors" O'zbekistondagi biznesidan mamnun


AQShning yirik avtomobilsozi – "General Motors" (GM) kompaniyasi og'ir davrni boshdan kechirmoqda. O'tgan bir yil ichida o'nlab ming ishchilarini bo'shatgan, o'nlab zavodlar yopilgan.

Lekin "GM"ning O'zbekistondagi qo'shma korxonasi biznes joyida deydi.

"GM" O'zbekistonda 2007 yilda ish boshlagan. Kompaniya O'zbekistonda ikki loyiha ustida ishlamoqda -- biri mashina, ikkinchisi motor ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

"GM-Uzbekistan" qo'shma korxonasining 75 foiz aksiyasi "O'zAvtoSanoat"ga, 25 foizi esa "GM"ga tegishli. Tabiiyki, moliyaviy mas'uliyat asosan O'zbekiston zimmasida.

"GM-Uzbekistan" Asakadagi zavodda "Chevrolet" (Captiva, Epica, Tacuma), "Lacetti", "Nexia", "Matiz" va "Damas" mashinalari ustida ishlamoqda. Kelgusida mahsulot qisman Chkalov nomidagi samolyotsozlik zavodida yasalishi ko'zda tutilgan.

"Amerika Ovozi" kompaniyaning mintaqa bo'yicha matbuot kotibi Mark Kempe (Marc Kempe) bilan suhbatlashdi.

"Kelajakda nima bo'lishini hech kim aniq ayta olmaydi. Ayni damda biror salbiy ta'sir sezmayapmiz. GM ishlab chiqarayotgan Chevrolet avtomobillarining oshig'i olchi. O'zbekistonda joriy yilning dastlabki to'rt oyida 25 mingdan ziyod mashina sotdik. Savdodan xursandmiz",- deydi Kempe.

Amerika avtosanoatidagi mushkul ahvolni kuzatayotgan mutaxassislar fikricha "GM" AQShda bankrot bo'lsa, xorijdagi zavodlar hukumatlar qo'liga o'tib ketishi mumkin. Bu esa, deydi tahlilchilar, kompaniya uzoqqa bormasligini anglatadi.

Mark Kempe nazarida ortiqcha bashoratga hojat yo'q.

"Bankrotlik deganda asosan AQSh bozori nazarda tutilmoqda. Krizis "GM"ning Amerikadagi faoliyatiga zarba bergan. Bu tanazzul kompaniyaning xorijdagi ishlariga bevosita ta'sir qilmaydi".

Shu yil boshida kompaniya O'zbekiston bilan hamkorlikda yana bir yangi korxona tuzdi - "GM Powertrain Uzbekistan". Maqsad - ekologiyaga zarar keltirmaydigan motorlar ishlab chiqarish. Mahsulot 2011 yilda bozorga chiqishi kutilmoqda.

Bu qo'shma loyihaning 52 foizi "GM", qolgani esa "O'zAvtoSanoat" qo'lida.

"General Motors" xorijdagi faoliyatini oshirar ekan, AQShda ishchilar norozi. "Nima uchun kompaniya Amerikada minglab odamlarni ishdan bo'shatadi-yu, chet elda yangi zavodlar qurmoqda?" deb so'raydi ular.

Mark Kempe buni shunday izohlaydi.

"O'zbekistonda biznes qilish qarori krizisdan ancha oldin qabul qilingan. Ikkinchidan, biz O'zbekistonda yangi zavod qurayotganimiz yo'q, aksincha, mavjud zavoddan foydalanayapmiz… Bu avtomobillar respublikada bozorga chiqmoqda. Bu biznesning Amerika ishchilariga umuman aloqasi yo'q".

Lekin, ayrimlar nazarida, O'zbekistonda sotilgan avtomobillar xorijga arzonroq narxda eksport qilinadi.

Mark Kempening aytishicha har bir davlat uchun alohida modellar yaratiladi va "o'zbek" bozori uchun ishlab chiqarilgan mashinalar chetga sotilmaydi.

Kompaniya mahsulotga narx-navoni belgilayotib, mahalliy aholining moliyaviy ahvoli, qanday mahsulot sotib olishga qurbi yetishini inobatga olayaptimi?

"Albatta. Qaysi davlatda savdo qilmaylik, "Chevrolet" mashinalari narxini mahalliy bozorga qarab belgilaymiz."

O'zbekiston bozorlari va avtomobil salonlarida narx-navo o'rtasida tafovut baland.

Torg.uz veb-saytida yozilishicha, "Chevrolet" rusumidagi avtomobillar kamida 20-25 ming dollar, "Nexia" 11-13 ming dollar, "Matiz" esa 7-8 ming dollar atrofida.

"GM-Uzbekistan" qo'shma korxonasida 5 mingdan ortiq o'zbekistonlik ishlaydi. Yana 1200 ish o'rni yaratish rejalangan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG