Breaking News

Guantanamodagi aybsiz uyg'urlarning borarga joyi yo'q


Bir yil ichida yopilishi kutilayotgan Guantanamo qamoqxonasidagi mahbuslar taqdiri hamon mavhum. Hozirda u yerda 240 kishi qolgan, 17 nafari uyg’ur.

Ularning aybsiz ekani isbotlangan, ammo borishga joyi yo’q. AQSh ularni qabul qilmoqchi emas. Qiynoqlar ehtimoli tufayli ularni Xitoyga ham topshirish xavfli, deydi rasmiylar.

Bu uyg’urlar uchun Amerika hukumati boshqa davlatlardan boshpana so’ramoqda, lekin bu mamlakatlar Xitoy bilan aloqani buzgisi yo’q. Faqat Albaniya hukumati 2006 yilda ozod etilgan 5 uyg’urga boshpana bergan.

Ular ishi bilan shug’ullanayotgan advokatlar uyg’ur mahbuslar aybsiz ekan AQShning o’zida qolgani ma’qul, shu yerda yangi hayot boshlasin deydi. Virjiniya shtati senatori Jim Vebb bunga lo’ndagina “yo’q” deya javob qiladi.

“Guantanamodagi uyg’urlar Xitoy hukumatiga qarshi harakatlar olib borgan, Al-Qoida lagerlarida terrorizm tayyorgarligidan o’tgan bo’lishi mumkin. Ular AQShga tahdid”, - deydi qonunchi.

Advokatlar fikricha xavotirlar o’rinsiz. Uyg’urlar, deydi ular, Afg’oniston va Pokistonda jangari guruhlar tomonidan ushlanib, AQSh harbiylariga pullangan.

Guantanamo bir yil ichida yopilar ekan, mahbuslarning ayrimlari sudlanadi. Obama ma’muriyati aybsiz topilganlarini Yevropa va boshqa mamlakatlarga ko’chirish niyatida. Uyg’urlar masalasi ayni paytda federal sudda ko’rib chiqilmoqda.

XS
SM
MD
LG