Breaking News

Ukraina Stalinning qrim tatarlarga qarshi siyosatini tekshiradi


Ukraina milliy xavfsizlik xizmati Ikkinchi jahon urushi davrida qrim tatarlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish maqsadida maxsus idora ochadi. Stalin davridagi ommaviy deportatsiyalarning 65 yilligi xotirlanmoqda.

Xavfsizlik xizmati rahbari Valentin Nalivaychenkoning ta’kidlashicha, prezident Viktor Yushenko Sovet davrida qrim tatar va boshqa xalqlar boshdan kechirgan repressiyalarni tekshirishga ko’rsatma bergan.

Tarixiy hujjatlarga ko’ra, 1944 yilning mayida 200 mingga yaqin tatar, jumladan ayollar va bolalar yoppasiga Markaziy Osiyo respublikalariga badarg’a qilingan. O’n minglab odam ochlik va kasalliklardan tinkasi qurib yo’lda halok bo’lgan.

Ukraina rasmiylariga ko’ra, deportatsiya va undan keyingi davrni o’z ichiga olgan tergov doirasida xoinlikda ayblanib qatl etilgan ziyolilar, ularning kimligi to’g’risidagi maxfiy hujjatlar ommaga taqdim etilgan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, qrim tatarlar yetakchisi Mustafo Jamilov deydiki, tekshiruvdan maqsad hech kimni ushlab jazolash emas. “Tarixga adolatli baho berish lozim. Xalqlar boshiga solingan azob-uqubatlar mudhish jinoyat bo’lganini tasdiqlanishi va adolat qaror topishini istaymiz”, - deydi Jamilov.

1980-yillardan boshlab 250 mingdan ortiq qrim tatarlar o’z yurtiga qaytgan. Ayni paytda Qrim aholisining 12 foizi, 300 ming kishini tashkil etadi.

“Bugungacha qrim tatarlarning ijtimoiy-huquqiy maqomini tiklash bo’yicha qonun qabul qilinmagan, bu borada biror harakat sezilmaydi”, - deydi Mustafo Jamilov. “Tatar tilida darsliklar chiqarish, o’quv dasturlari yo’lga qo’yilmas ekan, bu xalq tili-madaniyati yo’qolib boraveradi”, -deya kuyinadi u.

Simferopolda repressiyalarni xotirlab namoyishlar o’tgan. Vashingtonda qrim-tatarlar jamoasi kommunizm qurbonlari yodgorligi poyiga gulchambar qo’ymoqda.

XS
SM
MD
LG