Amerika Eronni muloqotga chaqirmoqda, arablar xavotirda


Obama ma’muriyatining Eron bilan muloqot boshlash tashabbusi AQShning mintaqadagi azaliy ittifoqchilari - Saudiya Arabistoni, Quvayt, Misr, Oman va Qatar singari mamlakatlarni tashvishga solmoqda.

Barak Obama Tehron bilan muloqot haqida gapirayotib, Amerikaga do’st davlatlar manfaatini unutmasin va eng muhimi – Vashington-Tehron o’rtasidagi dialog Yaqin Sharqdagi strategik muvozanatni o’zgartirib yubormasligi kerak, deydi arablar.

AQShning Eronga nisbatan siyosati Bush davridan beri ancha o’zgardi. Bu davlatga nisbatan sanksiyalar hali ham amalda, biroq Barak Obama “Keling, o’zaro hurmat asosida gaplashaylik. Munozarali masalalarni bosiqlik bilan hal qilaylik” demoqda. Eron taklifni qabul qilishga shoshmayapti.

Sunniy mazhabdagi arab davlatlari Obamadan ehtiyotkorona siyosat yuritishni so’ramoqda. Yadro salohiyati oshib borayotgan Eronni ular mintaqa xavfsizligiga tahdid hamda “buzg’unchi” rolida ko’radi.

Siyosatdon Patrik Klousonning tushuntirishicha, “Fors ko’rfazining neftga boy mamlakatlari Yaqin Sharq mintaqasida strategik muvozanat Tehron tomon og’ishi mumkinligidan xavotirda. Yaqinda olti davlat shu ma’noda bayonot ham qabul qilgan”.

Eron, Suriya qatorida, Xamas va Hizbulloh kabi AQSh terrorchi deb biladigan tashkilotlar bilan aloqada ekani, bu guruhlarni moliya va qurol-yarog’ bilan ta’minlashi ma’lum. O’tgan oy Misrda Hizbullohning o’nlab a’zolari hibsga olingach, kuzatuvchilar nazarida, Eron-arab dunyosi o’rtasidagi ziddiyatlar avj olgan.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Eron bilan muloqot ochiq tarzda kechishini e’tirof etmoqda. “Yaqin Sharqdagi hamkor davlatlarni aloqa ko’lami haqida xabardor qilib turamiz”, - deydi u.

Qohiraga safari chog’ida Robert Geyts so’nggi payt mintaqa siyosiy doiralarida tarqalgan mish-mishlarni rad etdi. “Go’yoki AQSh Eron yadro dasturidan voz kechishi evaziga Isroilni falastinliklarga yer ajratishga ko’ndiradi degan gaplar safsata”, - deydi vazir.

Siyosatdonlar nazarida, Eron yadroviy tadqiqotlarini jadallashtirgan sari arab mamlakatlari Isroil bilan yaqinlashayotgani ko’zga tashlanmoqda.

“Yaqin Sharq geosiyosatida katta o’zgarishlar ro’y beryapti”, - deydi Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Jon Kerri. “Arablar Isroildan ko’ra Eronga ko’proq xavotir bilan qaramoqda. O’rtada hamjihatlik shakllanyapti”.

Rasmiy Tehron yadro bombasi yaratishga intilayotgani haqidagi da’volarni mutlaqo rad etadi. Shunga qaramasdan, Isroil va Fors ko’rfazi davlatlari mudofaa vositalariga milliardlab dollar sarflashga tayyor. So’nggi ma’lumotga ko’ra, Birlashgan Arab Amirliklari AQShdan 7 milliard dollarga yangi tizim xarid qilmoqda.

Hozircha Eron Obamaning yuzma-yuz muzokara taklifiga ijobiy javob bergani yo’q.

“Haqiqat shuki”, deydi senator Kerri, “Eronni yadro maqsadidan qaytarish tashabbuslari - Yaqin Sharqda barqarorlik garovi. Muzokara ish bersa, ehtimol Isroil ham tinchlik yo’lida dadilroq qadam tashlar”, - deya qayd etadi u.

Sa’y-harakatlar samarasiz tugagan taqdirda esa qo’shimcha sanksiyalarga tayyorgarlik ketyapti.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron xavfi borasida masalasi nafaqat Yaqin Sharq, balki dunyo tinchligi haqida qayg’uradigan barcha mamlakatlar bilan gaplashmoqda. Maqsad xalqaro sanksiyalarni iloji boricha kuchaytirish.

XS
SM
MD
LG