AQSh Pokiston qochqinlariga yordam bermoqda


Qo'shma Shtatlar Pokistonning Svot vodiysida hukumat kuchlari va jangarilar o'rtasidagi urushdan qochayotgan pokistonliklarga yordam sifatida 110 million dollar ajratmoqda. Oy boshidan beri 2 millionga yaqin odam jon saqlash maqsadida uylarini tark etishga majbur bo'lgan. Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, Amerikaning mintaqadagi manfaatlari tahdid ostida.

Aholining bir qismi poytaxt Islomobod yaqinida shoshilinch tarzda qo'yilgan palatkali lagerga joylashmoqda. Qo'shma Shtatlar yordami dori-darmon, palatkalar, generatorlar va paketlarga solingan halol oziq-ovqatdan iborat. Yukning bir qismi AQSh transport samolyotlari orqali Pokistonga yuboriladi, qolgani esa Pokiston iqtisodiyotiga bir oz yordam tariqasida bo'lsada, mahalliy bozorlardan xarid qilinadi.

"Al Qoida Afg'onistondan siqib chiqarilgach, Pokiston tog'larida panoh topib, AQSh va ittifoqchilariga qarshi yangi xurujlar rejalayotgan bo'lishi mumkin," deydi Klinton.

Gumanitar yordam AQShning Pokiston uchun mo'ljallangan yordamining kichik bir qismidir. Ayni damda Kongress bu mamlakatga kelasi besh yil ichida jami 7,5 milliard dollarlik yordamni o'z ichiga olgan qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

2005 yili Pokiston dahshatli zilzila qurboni bo'lganida ham AQSh unga 3,5 milliard dollarlik yordam ko'rsatgan edi.

Xillari Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Pokistonga nisbatan siyosatini o'zgartirishga harakat qilmoqda.

"Mamlakatning demokratik ravishda saylangan hukumatini tan olgan holda rasmiy Islomobod bilan ochiq va samimiy munosabatlar bo'lishini istaymiz," deydi davlat kotibi.

Klintonning aytishicha, AQSh hukumati yordamidan tashqari pokistonlik qochqinlarni Amerika fuqarolari ham shaxsiy xayriya bilan qo'llab-quvvatlamoqchi.

XS
SM
MD
LG